Ayni paytda boshi og`rig`an, tomog`i bo`g`ilgan, xullas, tumov va shamollash alomatlaridan bezovta bo`lgan kishi borki, buni mavsum injiqlariga yo`yadi. Har kim o`zicha dori sotib olgan, kimdir kimgadir “Falon dorini iching, darrov tuzalasiz” deya maslahat bergan... To`g`ri, hozir shamollashda qo`llanadigan preparatlar juda ham ko`p. Shunday bo`lsa-da, shifokor tavsiya etgan muolaja bilan birgalikda uy sharoitida ham ba`zi usullarni qo`llasangiz, davolanish jarayoni ancha ildamlaydi. Buning uchun oson tayyorlanadigan xalqona reseptlarni e`tiboringizga havola etmoqchimiz.
Shamolladingizmi? Davolaymiz!
Shamollash va grippga chalinmaslik uchun og`iz va burunni 3-4 qavatli doka bilan o`rab yurish, ko`zi yoshlangan, tumov alomatlari kuzatilayotgan kishilar bilan muloqot qilishda ehtiyotkor bo`lish lozimligini yaxshi bilasiz. Ammo har qancha urinmang, agar immunitetingiz sustlashsa, oddiy sovuqqotish oqibatida ham shamollash hech gap emas. Shunday ekan, darhol, zarur choralarni qo`llash kerak.
“Isinish” uchun...
- 1 osh qoshiq asalga 1 osh qoshiq na`matak damlamasi, 1 osh qoshiq qorag`at va malina sharbati (yoki murabbosi)ning suvini aralashtirib, 1 litr qaynoq suvga damlanadi. Damlama 15 daqiqa usti yopiq idishda turgach, kun davomida yarim stakandan uch mahal ichiladi. Mazkur shifobaxsh ichimlik badanni qizitib, ter ajralishini ko`paytiradi. Bu esa organizmdagi shamollashni qo`zg`atuvchi infeksiyalar ter ajralmasi orqali tashqariga chiqishini ta`minlaydi.
Ilk alomatlar sezildimi?
- Yarim stakan sabzi va shuncha miqdorda sholg`om sharbatiga 1 choy qoshiqdan suyuq asal va limon sharbatini aralashtirib, erta nahorda va kechqurun uyqudan avval ichiladi. Bu usul shamollashning ilk belgilarida qo`llansa, immunitetni mustahkamlashga yordam berishi aniq.
Bolajon shamollab qoldi, deng?
- Kichkintoyda shamollash belgilarini payqadingizmi, albatta, zarur choralarni qo`llashga kirishing. Misol uchun, mana bu usullarni: 1.5 osh qoshiq quritilgan na`matak mevasini 1 litr qaynoq suvga damlab, termoidishda 8-12 soat ushlang. Tayyor bo`lgach, ozroq asal bilan aralashtirib, har 2-3 soatda ilig`icha yarim stakandan bolaga ichiring.
- 1 stakan quritilgan qorag`at mevasi bargi (dorixona yoki bozor rastalaridan topish mumkin)ni maydalab, 1 stakan qaynoq suvga damlang. Usti yopiq idishda 4 soat turgach, kun davomida yarim stakandan 4-5 mahal ichiladi. Qorag`at tarkibidagi foydali moddalar zaiflashgan organizmga quvvat bo`lib, shamollashni engishda asqotadi.
Sut va sarimsoq
- 1 stakan sutni sirli idishga solib, ustidan bitta sarimsoq piyoz bo`lagini maydalab qo`shing-da, olovga qo`ying. Qaynab chiqqach, stakanga olib, biroz sovuting. Aralashmani oz-ozdan ho`plab ichish kerak. Sarimsoq piyozli sutni bolalar yarim stakandan, kattalar esa bir stakandan, uyquga yotishdan yarim soat – qirq daqiqa avval ichishlari lozim.
Eslatma!
Oila a`zolaringizdan birida shamollash alomatlari kuzatilayotgan bo`lsa, infeksiya boshqalarga ham tarqalmasligi uchun xona burchaklariga sarimsoq piyoz bo`lagini qo`yib chiqing. Ertalablari isiriq tutating va xonalarni tez-tez shamollating.





