Jurabek Laboratories farmasevtika kompaniyasi «Dok-1 Maks» dorisini qabul qilish oqibatida vafot etgan bolalarning oilalariga 75,6 milliard so`m miqdorida ma`naviy zararni qoplab berish taklifi bilan chiqdi.
Ma`lum bo`lishicha, korxonaning ayni kundagi direktori,Sardor Karievning onasi Munira Karieva shunday iltimos bilan Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudi raisi va apellyasiya instansiyasiga murojaat qilgan.
«Men zararli dorilar ta`siridan bolalari vafot etib, jabrlangan ota-onalarning og`riqli yaralariga biroz bo`lsada malham bo`lishi uchun hamda o`g`lim Sardor Karievning qismatini engillatishga erishish uchun hozirda o`zim rahbarlik qilayotgan Jurabek Laboratories MChJning iqtisodiy salohiyatini aynan sud hukmida jabrlangan ota-onalarga undirib berilishi belgilangan ma`naviy zararlarni to`lab berishga yo`naltirmoqchiman», — deyiladi Munira Karievaning sudga bergan arizasida.
Munira Karieva katta miqdordagi mablag`ni Jurabek Laboratories MChJning hisobi va mulkidan birdaniga ajratib berib berish imkoni yo`qligi ta`kidlagan.
«Hozirgi kunda Jurabek Laboratories MChJda 2000 nafardan ortiq odam ishlashi, har birining oilasining rizqi ham shu korxona faoliyati bilan chambarchas bog`liqligini inobatga olgan holda, shuningdek, ilgari chetdan qimmat narxlarda import qilinadigan ko`pgina dori vositalarini mahalliylashtirib, o`zimizda ishlab chiqarilishi bilan bog`liq jarayonda ham Jurabek Laboratories MChJ etakchilik qilayotgani bois sud hukmida ko`rsatilgan ma`naviy zarar uchun to`lanishi kerak bo`ladigan mablag`larni korxonaning asosiy faoliyatiga ta`sir qiladigan usulda birdaniga ajratib olishga mening ma`naviy huquqim ham yo`q», — deydi u h va pul to`liq to`lanishi uchun 3 yillik muddat so`radi.
«Men Jurabek Laboratories MChJning faoliyatidan daromad olish huquqiga ega ta`sischi sifatida bu mablag`larni faqatgina korxona faoliyati natijalaridan qonunan olishim mumkin bo`lgan dividend mablag`lari hisobiga shakllantirishim mumkin. Bu jarayon esa bir necha yil muddatni talab qiladi. Shuning uchun men korxona faoliyatidan tushadigan daromadlarni to`g`ri taqsimlagan holda 3 yil muddat ichida bo`lib-bo`lib to`lagan holda sud hukmida belgilangan ma`naviy zarar to`lovlarini to`liq to`lab berishni amalga oshirish maqsadidaman. Evaziga esa o`g`lim Sardor Karievga nisbatan qonunning insonparvarlik prinsipini qo`llab, unga nisbatan tayinlangan 18 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini bekor qilib, Jinoyat kodeksining 57-moddasi asosida engillik berilishi va uni ozodlikka chiqarilishidan umidvorman. Sizdan ushbu maqsadga erishishimga yordam berishingizni iltimos qilaman, — deydi Munira Karieva.
Advokat «Dok-1 Maks»dan jabrlanganlarga tovon puli tezroq undirib berilishini so`ramoqda
«Dok-1 Maks» ishi bo`yicha dastlabki instansiya qaroridan norozi bo`lganlar apellasiya shikoyati bo`yicha sud bo`lib o`tmoqda. 2024 yil 6 may kuni davom etgan navbatdagi majlisida so`z olgan advokatlardan biri jabrlanuvchilarga va`da qilingan tovon puli tezroq undirib berilishi kerakligini aytdi.
«Birinchi instansiya belgilab berganidek, kam sonli sudlanuvchilardan 7 million dollar miqdordagi tovon pulini tez fursatda undirish qiyin. Jabrlanuvchilarga, ayniqsa, bolasi nogiron bo`lib qolgan ota-onalarga ayni paytda pul kerak. Farzandlarining sog`lig`ini tiklash uchun hozir davolatishi lozim. Shu sabab apellasiya instansiyasi O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligigami yoki Vazirlar Mahkamasigami murojaat yo`llab, Hindistonning Marion Biotech Pvt. Ltd. korxonasini ishga jalb qilib, ulardan tovon pulini undirishi kerak», — deydi sirop ishi bo`yicha 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan Sardor Karievning advokatlaridan biri Temur Rahmatov.
Advokat shuningdek, sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari Elmira Bositxonova «Dok-1 Maks» bilan bog`liq mojarolar boshlangan paytda bolalarning doridan zaharlangani rost bo`lsa, xarajatlar vazirlik tomonidan to`lanishini va`da berganini eslab, «unda marhamat qilib, vazirlik yoki uning tarkibidagi agentlik tovon pullarini to`lab berib, keyinchalik sudlanuvchilardan undirib olsin», — dedi u.
Temur Rahmatovning bildirishicha, toki apellasiya instansiyasi yakunlanmas ekan, jabrlanuvchilarga tovon pulini undirish bo`yicha chiqarilgan qaror ijro qilinmaydi.
«Deylik, biror bir korxonaga tegishli avtotransportda YTH sodir bo`lsa, tovon puli dastlab o`sha korxonada undirilib, keyinchalik korxona rahbariyati ishchilaridan undirishi kerakligi belgilangan. Mazkur vaziyatda ham jabrlanuvchilar farzandlarini davolatishi kerakligini inobatga olib, ularga ayni kunlarda tovon pulini to`lab berish imkoniyatini ishga solish kerak», — deydi advokat.
«Dok-1 Maks» ishini ko`rib chiqqan dastlabki instansiya qaroriga ko`ra, siropdan zaharlanib vafot etgan 68 nafar bolaning qonuniy vakillariga 6 nafar sudlanuvchi hisobidan solidar tartibda 1 milliard so`mdan tovon puli undirilishini belgilangan. Og`ir tan jarohati olib nogiron bo`lib qolgan 16 nafar va engil tan jarohati olgan jabrlanuvchilarning qonuniy vakillariga esa 500 million va 200 million so`m miqdorida tovon puli undiriladigan bo`lgandi.
26 fevral kuni sud «Dok-1 Maks» siropi ishi bo`yicha Sardor Karievni 18 yilga, uning o`rinbosarlarini 16 yilga, Hindiston fuqarosi bo`lgan Quramax kompaniyasining sobiq direktorini 20 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Toshkent shahar sudi sudlanuvchilardan «Dok-1 Maks» va «Ambronol» preparatlaridan zaharlangan 68 nafar halok bo`lgan va 16 nafar jarohatlangan bolaning oilalariga 75,6 milliard so`m ma`naviy zarar undirish haqida qaror chiqardi. Bundan tashqari, sud Quramax mansabdor shaxslarga bergan pora miqdorini davlat foydasiga undirishga qaror qildi.
Eslatib o`tamiz, Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudi 2023 yil avgust oyidan Hindistonning Marion Biotech farmasevtika kompaniyasining dori-darmonlarini, jumladan «Dok-1 Maks» yo`talga qarshi siropini O`zbekistonda qabul qilish oqibatida kamida 68 nafar bolaning o`limi bilan bog`liq jinoyat ishini ko`rib chiqishni boshlangandi. Sudda 23 kishi (18 erkak va 5 ayol) ishtirok etdi.