Joriy yilning 5 iyun kuni Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti forumining XIX yig`ilishi bo`lib o`tadi.
Tadbir O`zbekiston raisligida Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan tashkil etilmoqda.
Bo`lajak forum «Yangi sharoitlarda ShHTning roli: umumiy xavfsizlik, barqarorlik va farovonlik yo`lidagi sa`y-harakatlarni birlashtirish» mavzusiga bag`ishlangan.
Unda dunyoning 10 mamlakatidan 40 dan ziyod ekspertlar, jumladan, ShHTga a`zo mamlakatlarning milliy tadqiqot markazlarining vakillik delegasiyasi, ShHTda kuzatuvchi davlatlar va tashkilotning muloqot bo`yicha hamkorlari mutaxassislari, ShHT Kotibiyati rahbariyati va ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo`mitasi rahbariyati ishtirok etadi.
Tadbirning kun tartibi ShHT doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo`nalishlariga bag`ishlangan uchta — asosiy sessiyalar, zamonaviy rivojlanish bosqichida ShHT samaradorligini oshirish va ShHT forumi faoliyatini takomillashtirishning kelgusi istiqbollari muhokamasini o`z ichiga oladi.
Forum yakunida ShHTga a`zo davlatlarning tadbir kun tartibidagi masalalar bo`yicha yondashuvlari va qarashlari aks etgan yig`ili Bayonnomasi imzolanishi rejalashtirilgan.






