O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 4 iyun kuni O`zbekiston-Saudiya Ishbilarmonlar kengashi hamraisi, “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyanni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Saudiya Arabistoni etakchi kompaniyalari bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, qo`shma investisiya loyihalarini amalga oshirish masalalari ko`rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari «ACWA Power» bilan samarali sheriklik yuksak darajaga chiqqanini mamnuniyat bilan ta`kidladi.
Kompaniyaning mamlakatimiz energetika bozorini rivojlantirishdagi etakchi o`rni qayd etildi. Bugungi kunda joriy va istiqbolli qo`shma loyihalar portfeli 17 milliard dollardan oshdi.
Ishbilarmonlar kengashi faoliyati doirasida Saudiyadan yangi kompaniyalarni mamlakatimizga jalb qilish ishlarini davom ettirish muhimligi ta`kidlandi.
Aeroportlarni qurish va boshqarish, raqamli va energetika infratuzilmasini modernizasiya qilish, issiqlik ta`minoti tarmoqlarini kengaytirish, chiqindilarni qayta ishlash, farmasevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, onkologiya klinikalarini ochish, turizm markazi, to`qimachilik klasterini tashkil etish, issiqxona xo`jaligi va chorvachilikni rivojlantirish kabi qo`shma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.






