AsosiySiyosat

Inson huquqlari bo`yicha IV Samarqand forumi o`tkaziladi

'Inson huquqlari bo`yicha IV Samarqand forumi o`tkaziladi'ning rasmi

Shu yilning 13-14 iyun kunlari "Ekologik muammolar: o`zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi va barqaror echimlar topish" mavzusida Inson huquqlari bo`yicha IV Samarqand forumi bo`lib o`tadi.

Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Milliy markazining matbuot xizmati ma`lumotiga ko`ra, forum doirasida oflayn va onlayn tarzda uchta yalpi majlis o`tkaziladi.

Bu galgi Samarqand forumining asosiy maqsadi – iqlim o`zgarishlarining inson huquqlariga ta`siri bilan bog`liq masalalarni keng ko`lamda va axborotlar tahlili negizida atroflicha muhokama qilishdir. Xalqaro anjuman ishtirokchilari ushbu sohada zarur bilimlar olish bilan bir qatorda, xalqaro hamjamiyat doirasida o`zaro tajriba almashish va eng maqbul amaliyotlar bilan tanishish imkoniga ega bo`ladi.

Forumda asosiy e`tibor iqlim o`zgarishlarining inson huquqlariga ko`rsatadigan salbiy ta`sirini yumshatishga oid aniq tavsiya va echimlar tayyorlashga qaratiladi. Bu boradagi munozaralar Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va o`zgarayotgan iqlim sharoitida har bir insonning huquqlarini himoya qilish uchun ko`maklashadigan samarador strategiya va yondashuvlarni ishlab chiqish uchun turli soha mutaxassislariga qulay maydon bo`lib xizmat qilishi kutilmoqda.

Forumning milliy tashkilotchilari – Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Milliy markazi va O`zbekiston Adliya vazirligi hamda "Taraqqiyot strategiyasi" markazidir.

Xalqaro hamkorlar BMTning O`zbekistondagi jamoasi hisoblanadi. Xalqaro sheriklar safida, xususan, BMTning O`zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi ofisi, BMT Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo`yicha mintaqaviy bo`limi, BMT Taraqqiyot dasturining O`zbekistondagi vakolatxonasi, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O`zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi, shuningdek, Fridrix Ebert va Konrad Adenauer nomidagi fondlarning mamlakatimizdagi vakolatxonalari bor.

Forumda 200 nafar mutaxassis qatnashishi rejalashtirilgan. Xususan, milliy va xorijiy ekspertlar, iqlim bo`yicha mutaxassislar, davlat tashkilotlarining iqlim o`zgarishi muammolari bilan shug`ullanadigan mas`ullari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, ilmiy tadqiqot markazlari, kompaniyalar, ishbilarmon doiralar va xalqaro tashkilotlarning vakillari taklif etilgan.

 

    Boshqa yangiliklar