Joriy yil boshidan beri 213 ta bojxona qonunbuzilishi holatlarida qiymati 19 milliard so`mlik 837 ming quti tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo`yildi. Kichkina raqamlar emas, shundaymi?
Birgina Toshkent viloyatining Keles tumanida o`tkazilgan tezkor tadbirda qoidabuzar shaxslar avvaldan kuzatuvda bo`lgan yuk mashinasidan engil avtomashinaga qiymati 462,5 million so`mlik 9 ming 250 quti sigaretlarni o`tkazgan vaqtda ushlandi. Bu hali hammasi emas, yuk avtomobili yukxonasida tashqi tomondan hosil qilingan yashirin bo`lmalarga qiymati 41 million so`mlik 820 quti tamaki mahsulotlari borligi aniqlangan.
Endi tasavvur qiling, raqamli markirovkaga ega bo`lmagan, ishlab chiqaruvchisi, kerak bo`lsa tarkibi noma`lum bo`lgan mazkur tamaki mahsulotlar bozorga chiqib ketsa nima bo`lardi? Bu raqamlar aniqlangan holatlar, demak aniqlanmaganlari hozir iste`molda.
Shularni inobatga olib, yashirin ishlab chiqarishning oldini olish, aholini qalbaki mahsulotlardan himoya qilish hamda raqamli markirovkalash tizimini takomillashtirish, shuningdek alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda realizasiya qilish sohasida samarali nazorat tizimini joriy etish, ularning noqonuniy aylanmasiga chek qo`yish, biznesni yuritish uchun sog`lom raqobat muhitini rivojlantirish, iste`molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida bir hafta oralig`ida ikki muhim hujjat qabul qilindi. Xo`sh, qonunchilikdagi mazkur o`zgarishlar tizimda qanday yangilik olib kirdi. Bugun shu haqda gaplashamiz.
Avval ogohlantiriladi, keyin jazolanadi
Shu yilning 30 may kuni qabul qilingan “Majburiy raqamli markirovkalash jarayonlarini jadallashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga ko`ra, 2024 yil 1 sentyabrdan boshlab tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan markirovkalanadigan mahsulotlarni markirovkani o`qish qurilmalaridan foydalanmagan holda sotish holatlari soliq organlari bazasi ma`lumotlari asosida aniqlanganda, ushbu tadbirkorlik sub`ektlari shaxsiy kabineti orqali holat yuzasidan ogohlantiriladi hamda quyidagi choralarni ko`rish amaliyoti joriy etiladi:
✓ ikki marta ogohlantirishdan so`ng qonun buzilishi bir oy ichida qayta takrorlangan taqdirda, tadbirkorlik sub`ektlariga nisbatan huquqbuzarlik sodir etilgan chorakdagi faoliyat yuzasidan soliq tekshiruvi tayinlanadi;
✓ qonun buzilishi soliq tekshiruvi yakunlangandan bir oydan keyin qayta takrorlanganda tadbirkorlik sub`ektlarini xabardor qilmasdan hamda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo`yicha vakilni tekshirish kunida xabardor qilgan holda soliq tekshiruvi tayinlanadi.
Soliq organlariga qo`shimcha vakolat beriladi
Majburiy raqamli markirovkalanishi lozim bo`lgan mahsulotlar bo`yicha aniqlangan qalbaki va kontrafakt holatlar hamda markirovkalash qoidalari buzilganligi yuzasidan tekshiruvlarni tadbirkorlik sub`ektlarini xabardor qilmasdan hamda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo`yicha vakilni tekshirish kunida xabardor qilgan holda amalga oshirish hamda har chorakda majburiy raqamli markirovkalanishi lozim bo`lgan mahsulotlarning chakana savdosi bilan shug`ullanuvchi tadbirkorlik sub`ektlariga nisbatan soliq tekshiruvlarini amalga oshirish vakolati beriladi.
Tadbirkorga ham engillik bo`ladi
2027 yil 1 yanvarga qadar raqamli markirovkalangan mahsulotlar chakana savdosini amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub`ektlari uchun markirovkani o`qish qurilmalarini sotib olish bilan bog`liq xarajatlar summasiga, biroq bitta qurilma uchun bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravaridan ko`p bo`lmagan miqdorda, hisoblangan va to`lanishi lozim bo`lgan foyda solig`i yoki aylanmadan olinadigan soliq yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to`lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`i summalarini kamaytirish huquqi beriladi.
Bundan tashqari, majburiy raqamli markirovkalanishi lozim bo`lgan mahsulotlarni markirovkalash uchun zarur bo`lgan va import qilinadigan uskunalar (TIF TN kodlari: 7616 999 009, 9029 900 009, 8544 499 500 va 8528 529 000) 2024 yil 1 iyundan 2027 yil 1 iyunga qadar bojxona bojidan ozod qilinadi.
Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi tuziladi
Sohani isloh qilish borasidagi yana bir muhim hujjat – “Alkogol va tamaki mahsulotlari bozorini tartibga solish hamda ularning noqonuniy aylanmasining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish to`g`risida”gi prezident farmoni shu yilning 3 iyun kuni imzolandi. Unga ko`ra, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshida yuridik shaxs maqomiga ega bo`lgan Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi tashkil etilsin.
Farmonda inspeksiyaning asosiy vazifalariham belgilab qo`yilgan. Xususan:
• iste`mol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish va realizasiya qilish hamda ushbu jarayonlar ustidan nazoratini ta`minlash bo`yicha yagona davlat siyosatini yuritishda ishtirok etish;
• iste`mol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish va realizasiya qilish sohasini rivojlantirishga yo`naltirilgan kompleks dasturlarni amalga oshirish;
• iste`mol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish, shuningdek, alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bo`yicha faoliyatni lisenziyalash;
• davlat standartlari va qonun hujjatlari talablariga qat`iy amal qilgan holda iste`mol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarishda texnik va texnologik normalarga rioya etilishi ustidan nazorat qilish bo`yicha ishlarni tegishli vakolatli organlar bilan birgalikda tashkil qilish;
• iste`mol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda ularning ulgurji savdosi sohasida lisenziyalash va xabardor qilish tartib-taomillariga rioya etilishini tekshirish va monitoring qilish;
• iste`mol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda ularning aylanmasi hajmlarini monitoring va nazorat qilish bo`yicha zamonaviy axborot tizimlarini joriy etish va rivojlantirish;
• alkogol va tamaki mahsulotlarini noqonuniy ishlab chiqarish va aylanmasining oldini olish, ularni aniqlash va ularga barham berish, bunga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish borasida vakolatli organlar bilan hamkorlikni amalga oshirish;
• alkogol va tamaki mahsulotlari uchun yangi namunadagi aksiz markalarini ishlab chiqishda qatnashish hamda ularning noqonuniy ishlab chiqarilishi va sotilishiga yo`l qo`ymaslikka qaratilgan profilaktika va tushuntirish ishlarini olib borish.
Qo`shimcha lisenziya talablari joriy etiladi
Farmon bilan, 2024 yil 1 oktyabrdan boshlab iste`mol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarishda quyidagi qo`shimcha lisenziya talablari joriy etiladi:
• yillik lisenziya to`lovlarini, shuningdek, soliqlar va boshqa majburiy to`lovlarni o`z vaqtida to`lash bo`yicha qonunchilikda belgilangan talablarga rioya qilish;
• alkogol mahsulotlari ishlab chiqarishda va ularning savdosida sifat talablariga, shuningdek, aksiz markalarini qo`llash hamda identifikasiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash tartiblariga rioya etish;
• alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlarini monitoring va nazorat qilish imkonini beruvchi videokuzatuv vositalarini o`rnatish.
Qonunbuzarlar qanday jazolanadi?
Tartibga amal qilmaslik javobgarlikka sabab bo`ladi. Masalan, yashirin ishlab chiqarish, aksiz markasiz, raqamli markirovkasiz yoki sifatsiz alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish holatlari aniqlanganda ishlab chiqarish uskunalari davlat foydasiga o`tkaziladi. Bundan tashqari, qalbaki aksiz markali, aksiz markasiz, raqamli identifikasiya vositasi bilan markirovkalanmagan, qalbaki markirovka kodlari bilan markirovkalangan alkogol va tamaki mahsulotlari nazorat qiluvchi organlar tomonidan muomaladan olinadi va ushbu mahsulotlar bilan savdo qilish huquqini beruvchi lisenziya bekor qilinadi.
Xulosa qilib aytganda sohada yaxshi o`zgarishlar bo`lyapti. Endi tadbirkorlar ham shunga yarasha ish qilishi kerak.