AsosiySiyosat

Prezident Shavkat Mirziyoev Inson huquqlari bo`yicha IV Samarqand forumi ishtirokchilariga tabrik yo`lladi

'Prezident Shavkat Mirziyoev Inson huquqlari bo`yicha IV Samarqand forumi ishtirokchilariga tabrik yo`lladi'ning rasmi

Bugun, 13 iyun kuni Inson huquqlari bo`yicha IVSamarqand forumi O`zbekistonning qadimiy va hamisha navqiron shahrida o`z ishini boshladi. Bu galgi an`anaviy xalqaro anjuman «Ekologik muammolar: o`zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi, barqaror echimlar topish» mavzusiga bag`ishlangan.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Inson huquqlari bo`yicha IV Samarqand forumi ishtirokchilariga tabrik yo`lladi. Tabrikni Prezidentning Matbuot kotibi Sherzod Asadov o`qib eshittirdi.

Samarqand forumining nufuzli mehmonlarini O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o`rinbosari, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov  kutib olar ekan, iqlim va inson huquqlari  muammolari muhokama qilinadigan ushbu xalqaro anjuman O`zbekiston Prezidentining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqlim o`zgarishi bo`yicha konferensiyasidagi (SOP28) nutqida ilgari surilganini ta`kidladi.

Ochilish marosimida BMT Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari Folker Tyurk hamdaEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi Direktori Matteo Mekachchining videomurojaatlari namoyish etildi. Forum ochilishida, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirio`rinbosari Muzraf Ikramov, BMTning O`zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi Sabina Mahl ishtirokchilarni tabrikladi.

Spikerlar Samarqand forumi ishiga muvaffaqiyat tilar ekan,  hozirgi vaqtda dunyoda keskin ekologik vaziyat kuzatilayotganiga e`tibor qaratdilar. Sayyoramiz miqyosida uchtainqiroz, ya`ni iqlim o`zgarishi, bioxilma-xillik yo`qolishi va atrof-muhit ifloslanishi kuchaymoqda. Bu xavf-xatarlar hatto dunyo geosiyosiy arxitekturasiga ham ta`sir ko`rsatmoqda.

Barqaror rivojlanish yo`lida eng asosiy tahdidga aylangan iqlim o`zgarishining salbiy oqibatlari Orol fojiasi tufayli Markaziy Osiyoda ayniqsa jiddiy sezilmoqda. Shunday murakkab sharoitda Orol dengizi fojiasiga qarshi kurashni davom ettirayotgan Markaziy Osiyo iqlim o`zgarishlari oldida eng zaif mintaqalardan biriga aylanmoqda.

Global muammo bo`lgan Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yo`lida O`zbekiston o`z imkoniyatlari darajasida harakat qilayotgan bo`lishiga qaramay, bu sa`y-harakatlarni davom ettirish uchun xalqaro hamjamiyatning qo`llab-quvvatlashi juda muhim. Shu ma`noda, O`zbekiston Prezidenti 2023 yil 20 sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida so`zlagan nutqida BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo`lida hamjihatlik” rezolyusiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.

Ushbu tashabbus global iqlim o`zgarishlarining Markaziy Osiyo bilan bog`liq tahdidlari oldini olish uchun mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi hamda barcha hamkorlarning manfaatlariga birdek mos keladi. Bu taklifning negizida mavjud ekologik muammolarga faqat mintaqaviy darajada yondashish emas, balki ayni tahdidlarning o`ziga xos jihatlariga xalqaro hamjamiyat e`tiborini qaratish maqsadi ham mujassamdir.

Prezident Shavkat Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasi 
75-sessiyasidagi tashabbusi bilan 2021 yilda BMT Bosh Assambleyasining “Orolbo`yi mintaqasini ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududi deb e`lon qilish to`g`risida”gi rezolyusiyasi qabul qilinganini alohida qayd etish lozim. Bosh Assambleya bunday maqomni birinchi bo`lib Orolbo`yi mintaqasiga taqdim etdi.

Natijada 2018-2022 yillar davomida Orol dengizining qurigan tubida 1,7 million gektar o`rmonzorlar yaratildi. Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, Orolbo`yida bioxilma-xillikni saqlash uchun 3,5 million gektardan ortiq maydonda tabiat parklari, qo`riqxonalar va davlat himoya hududlari barpo etildi. Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisini markazlashgan tarzda ichimlik suv bilan ta`minlash holati ancha yaxshilandi.

F.Tyurk, jumladan, “ehtimol, hech bir joyda Orol dengizidagidek ekologik buzilish kuzatilmagan. O`tgan yili O`zbekistonda bo`lganimda bunga o`zim guvoh bo`lganman”, deb ta`kidladi. BMT Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari ta`biri bilan aytganda, “Bu misol shuni ko`rsatadiki, uch karra sayyora inqirozi faqatgina atrof-muhit va inson huquqlari uchun falokat emas. Bu bizning iqtisodiyotimiz uchun ham halokatdir. Markaziy Osiyoda faqat o`tgan yilning o`zida iqlim bilan bog`liq ofatlar 3 milliard dollar zarar keltirdi”.

Shuningdek, M.Ikramov qayd etganidek,“global muammoga aylanib borayotgan avtomobillar harakatlanishi va tirbandliklarning avj olib borayotgani ham havoning ifloslanishi sabablarini keltirib chiqarmoqda. Avtotransport vositalari atmosfera havosini azot oksidi bilan 45,7 foiz, uglevodorodlar bilan 42 foiz zararlantiradi. Er yuzidagi jami bir yilda havoga chiqarib tashlanadigan 100 mln tonnaga yaqin is gazining 75,5 mln tonnasi yoki 78 foizi avtotransport vositalariga to`g`ri keladi. Shu boisdan, bu global xavflar jarayonida inson huquqlarini himoya qilishning barqaror kelajagini belgilab olish, fuqarolarning ekologik huquqlarini ta`minlash – Yangi O`zbekistonning ustuvor strategik vazifalaridan biridir”.

M.Mekachchi fikricha, “Ekstremal ob-havo hodisalari allaqachon yashash, ishlash va o`qish uchun xavfsiz joylarni izlayotgan, ko`pincha o`z uylaridan uzoqda bo`lgan millionlab odamlarning migrasiya qilishi va ko`chishiga sabab bo`lmoqda. Shuning uchun hayotni o`zgartiruvchi bunday muammolarga javob berish barcha odamlarning huquqlari va ehtiyojlarini hurmat qilish yo`lida juda muhimdir”. Yaqin kelajakda, EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi Direktori ishonch bildirganidek, “Markaziy Osiyo va butun EXHT hududi inson huquqlari himoyachilarining mehnati hurmat qilinadigan va rag`batlantiriladigan, atrof-muhitga oid xavotirlar eshitiladigan namunaviy mintaqaga aylanishi mumkin”.

Global ko`lamdagi hamkorlik, shubhasiz, iqlim bilan bog`liq ofatlarni bartaraf etishga oqilona strategik echimlar topish va zarur resurslarni samaradorlik bilan safarbar etish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshiradi. O`zbekiston Prezidentining ayni yo`nalishdagi tashabbuslari, bir tomondan, iqlim o`zgarishlariga qarshi kurashish yo`lidagi xalqaro hamkorlik va muloqotni yanada mustahkamlasa, ikkinchi tomondan, bunday global muammolar o`zaro jam bo`lib va barcha bosqichlardagi sa`y-harakatlarni muvofiqlashtirgan holda ish tutish muhimligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Forumning milliy tashkilotchilari – Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va «Taraqqiyot strategiyasi» markazidir.  

Xalqaro hamkorlar – BMTning O`zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi ofisi, BMT Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo`yicha mintaqaviy bo`limi, BMT Taraqqiyot dasturining O`zbekistondagi vakolatxonasi,Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O`zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi, Fridrix Ebert va Konrad Adenauer nomidagi jamg`armalarning mamlakatimizdagi vakolatxonalari hisoblanadi.

Forumda 200 nafar mutaxassis qatnashmoqda. Ishtirokchilar asosan milliy va xorijiy ekspertlar, iqlim bo`yicha mutaxassislar, davlat tashkilotlarining iqlim o`zgarishi muammolari bilan shug`ullanadigan mas`ullari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, ilmiy tadqiqot markazlari, kompaniyalar, ishbilarmon doiralar va xalqaro tashkilotlar vakillaridan iborat.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar