AOKAda Qishloq xo`jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazi axborot xizmati rahbari Anvar Haqberdiev ishtirokida o`tkazilgan brifingda O`zbekiston bozoriga kirib kelgan noa`anaviy ekin turlari xususida ma`lumot berildi.
Qayd etilishicha, inson o`simliklar dunyosining 350 mingga yaqin turini o`z ichiga oluvchi boylikning atigi yuzdan bir qismidan foydalanadi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining qishloq xo`jaligi bo`yicha tashkiloti FAO ekspertlarining prognozlariga ko`ra, Er shari aholisi soni 2050 yilga borib 10 milliardga etadi. Bu esa hozirgi paytdagi iste`mol darajasi saqlanib qolinadigan bo`lsa, oziq-ovqat resurslarini ishlab chiqarishni kamida 50 foizga oshirishni talab qiladi.
Aholi sonining ortishi bilan sifatli ovqatlanish muammosi yanada dolzarb bo`lib bormoqda. Bu muammoni echishda nafaqat yuqori hosildorlikka, ozuqaviy qiymatga ega bo`lgan, balki alohida biokimyoviy tarkibga ham ega bo`lgan, vitaminlar, aminokislotalar, mineral tuzlar, uglevodlar va boshqa qimmatli moddalarning juda muhim manbai bo`lgan sabzavotlar katta rol o`ynaydi.
Mamlakatimizda amalga oshirilgan va davom ettirilayotgan ilmiy izlanishlar natijasida bir nechta noan`anaviy sabzavot ekinlari introduksiya qilindi, mahsulot va urug` etishtirish texnologiyasi ishlab chiqilgan. Soha bo`yicha etakchi hisoblangan Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot institutida Noan`anaviy ekinlar seleksiyasi va introduksiyasi laboratoriyasi faoliyati yo`lga qo`yilgan.
Laboratoriya respublikada etishtirishga mos, qimmatli xo`jalik belgilari va hosildorligi yuqori, kasalliklarga chidamli navlarni yaratish va introduksiya qilish maqsadida turli mamlakatlardan keltirilgan noan`anaviy ekinlarning nav namunalarini olish, chuqur tahlildan o`tkazish va ularni tadqiqotlar uchun ajratib olish ishlarini amalga oshiradi. Shu bilan birga, noan`anaviy ekinlarning nav namunalari kompleks baholanib, morfologik belgilarining to`liq tasnifini yaratish va seleksiya ishlarini davom ettirish uchun boshlang`ich manba ajratish kabi tadqiqot vazifalarini bajaradi.
Noan`anaviy ekinlar seleksiyasi va introduksiyasi laboratoriyasi noan`anaviy sabzavotlarning nav namunalarini kompleks baholab, morfologik belgilarining to`liq tasnifi yaratilgandan so`ng boshlang`ich manbalar to`g`ri saqlanishini ta`minlash va kelajakda ilmiy ishlarni olib borish uchun institut genbankining namunalarni qabul qilish talablari bo`yicha topshirish va namunalarning pasportini yaratish bilan shug`ullanadi.
Hozirgi vaqtda laboratoriyada 30 dan ortiq yangi ekin turining morfologik belgilari va biologik xususiyatlarini o`rganish bo`yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Xususan, barg karam (Brassica oleracea var. acephala), pasternak (Pastinaca sativa L.), sikoriy salati (Cichorium intybus L. va Cichorium intybus L. var. foliosum Hegi), zira (Cuminum Cyminum L.), artishok, mayoran, melissa, katovnik singari ekinlarning nav namunalarini o`rganish, introduksiya qilish, seleksiya uchun boshlang`ich manba ajratish va turli ekish muddatlari va sxemalarining meva hosiliga hamda urug` chiqimiga ta`sirini o`rganish bo`yicha ilmiy-tadqiqot ishlari yo`lga qo`yilgan.
Mutaxassisning so`zlariga ko`ra, brokkoli noan`anaviy, kam tarqalgan sabzavot ekin turiga kiradi. Brokkoli karami boshqa karamlarga nisbatan tez hazm bo`lishi bilan ajralib turadi. U engil o`zlashtiriladigan oqsilga boy bo`lib, miqdoriga ko`ra kartoshka, shirin jo`xori hamda ismaloqdan ustun turadi. Undagi oqsil tarkibida antiskleritik modda va metionin bo`lishi organizmda xolesterin ko`payib ketishiga to`sqinlik qiladi.
Dunyo bo`yicha 78 ta botanik oilaga tegishli 1200 dan ortiq turdagi o`simlikdan sabzavot sifatida foydalaniladi. Sabzavot ekinlari ekiladigan maydonlarining hajmi bo`yicha O`zbekiston qishloq xo`jaligi yuqori darajada rivojlangan mamlakatlar bilan raqobatlasha oladi. Biroq, mamlakatimizda sabzavot assortimenti chegaralangan, ya`ni, sabzavot mahsulotlarining 88 foizi atigi olti, xususan, pomidor, piyoz, sabzi, karam, bodring va ko`kat sabzavot ekinlari bilan ta`minlanadi.
O`zbekistonda so`nggi yillarda sparja o`simligi ham iqlimlashtirildi. Ushbu o`simlik AQSh, Evropa, Osiyo, Rossiya, Markaziy Amerika va Kichik Osiyo mamlakatlarida keng tarqalgan. Bundan tashqari mangold, kotovnik, mayoran va rukula kabi noan`anaviy ekin turlari ham introduksiya qilinib, iste`mol bozoriga kiritilgan.