AsosiySIYOSAT

Senatning ellik uchinchi yalpi majlisi 21 iyun kuni chaqiriladi

Bugun, 20 iyun kuni Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi. Majlisni Senat Raisi Tanzila Narbaeva olib bordi.

Unda Senatning ellik uchinchi yalpi majlisini 2024 yil 21 iyun kuni chaqirish to`g`risida qaror qabul qilindi.

Ta`kidlanganidek, videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o`tkaziladigan yalpi majlisda qator masalalarni muhokama qilish nazarda tutilgan.

“O`zboshimchalik bilan egallab olingan er uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo`lgan huquqlarni e`tirof etish to`g`risida”gi, “Kiberxavfsizlikni ta`minlash sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi, “Nogironligi bo`lgan shaxslarning huquqlari to`g`risida»gi  O`zbekiston Respublikasi Qonuniga qo`shimcha va o`zgartirishlar kiritish haqida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Shuningdek, senatorlar “Intellektual mulk ob`ektlarini huquqiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga  qo`shimcha va o`zgartirishlar kiritish to`g`risida”gi hamda “Yuridik shaxs maqomiga ega bo`lmagan kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qo`yish tartibi belgilanayotganligi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo`shimchalar va o`zgartirish kiritish to`g`risida”gi qonunlarni ham ko`rib chiqadi.

Bundan tashqari, yalpi majlisda “O`zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-prosessual  kodekslariga hamda  O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga giyohvandlik vositalarining, ular analoglarining yoki psixotrop moddalarning, shuningdek kuchli ta`sir qiluvchi va zaharli moddalarning qonunga xilof muomalasiga qarshi kurashishga qaratilgan o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi Qonunni ham muhokama qilish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo`shimcha va o`zgartirishlar kiritish to`g`risida”gi, “Tovar belgilari bo`yicha qonunlar to`g`risidagi Cingapur shartnomasini (Singapur, 2006 yil 27 mart) ratifikasiya qilish haqida”gi qonunlar ham ko`rib chiqiladi.

Senatorlar Qoraqalpog`iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta`minlash chora-tadbirlari ijrosini, Samarqand viloyati mahallalarida tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o`rinlarini yaratish bo`yicha ishlar holati haqidagi masalalarni muhokama qiladi.

Yalpi majlisda O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori lavozimiga nomzodni ko`rib chiqish hamda O`zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste`molchilar huquqlarini himoya qilish qo`mitasi raisini saylash,  O`zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tarkibiga o`zgartirishlar kiritish masalalari ham ko`rib chiqiladi. 

    Boshqa yangiliklar