Avval xabar qilganimizdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va o`tkazish jarayonining borishi to`g`risida xolis kontentni shakllantirish, xalqaro kuzatuvchi va ekspertlarni, shuningdek media-hamjamiyati vakillarini respublikamiz erishgan yutuqlar bilan tanishtirish maqsadidda tashkil etilgan «PressClub: Elections.uz-2016» press-klubida qizg`in tayyorgarlik ketyapti.
Joriy yil 4 dekbrda yurtimizda bo`lib o`tadigan muhim siyosiy jarayonni yoritishda xolislik, oshkoralik va tezkorlikni ta`minlashni maqsad qilgan «PressClub: Elections.uz-2016» press-klubi o`z multimedia maydonida xorijiy va milliy mediasoha vakillarini birlashtirishi ko`zda tutilgan. Shuningdek, «PressClub: Elections.uz-2016» press-klubning xalqaro kuzatuvchilar ishtirokida brifinglar, matbuot anjumanlari va turkum tematik tadbirlar tashkil etishni ko`zda tutuvchi kundalik dastur-jadval ishlab chiqildi. Kundalik dastur-jadvalda belgilangan brifinglarda esa
«Mamlakatning siyosiy modernizasiyasi, Davomi bor», «Milliy qonunchilikka xalqaro huquqlar me`yorlarini implementasiya qilish, xalqaro xamkorlik jihatlari», «Real bellashuv, sog`lom siyosiy raqobat va elektorat bilan ishlashga yangicha yondashuvlar», «OAV va saylovlar: feedbackni ta`minlash» kabi turli mavzular muhokama qilinadi. Press-klub ishi doirasida taniqli xorijiy kuzatuvchilar va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan intervyular tashkil etish ham rejalashtirilgan. Mazkur intervyular orqali yurtimizda bo`lib o`tadigan muhim siyosiy jarayonga taniqli xorijiy kuzatuvchilar va xalqaro tashkilotlar vakillari qanday baho berishini bilish imkoniyati tug`iladi.





