Joriy yil 17 – 21–iyun kunlari Xitoyning Sian shahrida o`tkazilgan “C5+1 Xitoy-Markaziy Osiyo fuqaro aviasiyasi konferensiya”si davomida O`zbekiston va Xitoy aviasiya hukumatlari o`rtasida Havo qatnovi to`g`risidagi ikki tomonlama hukumatlararo bitimga o`zgartirishlar kiritish, ikki davlat o`rtasida amalga oshirilayotgan aviaqatnovlar sonini keskin oshirish, yangi havo yo`laklarini ochish masalalari muhokama qilindi.
Olib borilgan muzokaralar natijasiga ko`ra ikki davlat aviasiya ma`muriyatlari o`rtasida tegishli hujjat imzolandi va quyidagi kelishuvlarga erishildi:
- O`zbekiston va Xitoy o`rtasida muntazam parvozlarni amalga oshirish huquqiga ega bo`lgan aviakompaniyalar soni 2 barobarga oshirildi;
- O`zbekiston aviakompaniyalari uchun O`zbekistonning barcha aeroportlaridan Xitoy hududiga muntazam parvozlarni amalga oshirish mumkin bo`lgan shaharlar soni 12 taga etkazildi;
- Xitoy tomonidan tayinlangan aviakompaniyalarga Xitoyning istalgan shaharlaridan O`zbekistonning barcha viloyatlaridagi xalqaro aeroportlarga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish huquqi berildi;
- Tayinlangan aviakompaniyalarga ikki davlat o`rtasidagi muntazam aviaqatnovlar sonini har bir tomondan haftasiga amaldagi 15 tadan yangi kelishuv bo`yicha 50 taga oshirish, ya`ni ikki mamlakat o`rtasidagi haftalik muntazam yo`lovchi aviaqatnovlari sonini jami 100 taga etkazish huquqi berildi;
- Har ikki tomonning tayinlangan aviakompaniyalariga O`zbekiston va Xitoy hududidagi barcha manzillar orqali uchinchi davlatlarga haftasiga 21 ta aviaqatnov bilan yuk parvozlarini amalga oshirish uchun 5-havo erkinligi huquqi berildi;
- Xitoy tomonidan tayinlangan aviakompaniyalarga O`zbekiston hududida Samarqand va Nukus, O`zbekiston tomonidan tayinlangan aviakompaniyalarga esa Xitoy hududida Sian va Chengdu xalqaro aeroportlari orqali uchinchi davlatlarga har bir yo`nalishda haftasiga 7 ta qatnov bilan yo`lovchi parvozlarni amalga oshirish uchun 5-havo erkinligi huquqi berildi;
- Shuningdek, O`zbekiston tomonidan tayinlangan aviakompaniyalar uchun Xitoyning dengiz bo`yida joylashgan turistik Xaykou, Sanya hamda Tsyunxay xalqaro aeroportlarida joriy qilingan “Maxsus ochiq osmon” rejimidan foydalanish va 5-havo erkinligida parvozlarni amalga oshirish huquqi qo`lga kiritildi.
Shuningdek, kod-sher bitimi, havo kemasini ijaraga olish va charter parvozlar yuzasidan qator tegishli kelishuvlarga erishildi.






