1

O`zbekistonda bolasini noqonuniy diniy ta`lim olishga jalb qilgan ota-onalar javobgarlikka tortilishi mumkin

Siyosat 25.06.2024, 14:43
O`zbekistonda bolasini noqonuniy diniy ta`lim olishga jalb qilgan ota-onalar javobgarlikka tortilishi mumkin

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “Ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlarini yanada mustahkamlash bo`yicha o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasi birinchi o`qishda ko`rib chiqishdi.

Qonun loyihasi bilan ota-onalar yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolani qonunga xilof ravishda diniy ta`lim olish jarayoniga jalb qilganlik uchun ma`muriy javobgarlik belgilash, bunda MJtKning 47-moddasini qo`shimcha bandlar bilan to`ldirish taklif etilmoqda.

Ya`ni, ota-onalar yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bola qonunga xilof ravishda diniy ta`lim olish jarayoniga jalb qilinsa, BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha jarimaga tortiladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik ma`muriy jazo chorasi qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha ma`muriy qamoq jazosini tayinlash belgilanmoqda.

Shuningdek, ota-onalar yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolani qonunga xilof ravishda diniy ta`lim olish jarayoniga jalb qilishga, ya`ni bolani ro`yxatdan o`tkazilmagan yoki lisenziyaga ega bo`lmagan tashkilotlar yoxud maxsus diniy ma`lumoti bo`lmagan va diniy tashkilotlarning O`zbekiston Respublikasi bo`yicha markaziy boshqaruv organining ruxsatisiz diniy ta`lim berayotgan shaxslar ixtiyoriga diniy ta`lim olishi uchun topshirishga yo`l qo`yilmasligi belgilab qo`yilmoqda.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o`qishda qabul qilindi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1