AsosiyJamiyat

"Hamster Kombat" o`yini qonuniymi?

'"Hamster Kombat" o`yini qonuniymi?'ning rasmi

O`zbekistonliklar “Hamster Kombat” o`yini hisob birliklarini qonuniy ravishda xarid qilishlari yoki sotishlari mumkinmi, O`zbekistonda “Play-to-earn” tamoyili bo`yicha tashkil etilgan o`yinlar faoliyati qonuniymi, “Hamster Kombat” o`yinida to`plangan hisob birliklari kripto-aktiv sanaladimi? 

Ushbu savollarga  Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan javob berildi

“Hamster Kombat” – Play-to-earn toifasidagi o`yinmi?

Play-to-earn - o`yin orqali real pul yoki boshqa qimmatli mukofotlarni olish mumkin o`yin turi. “Hamster Kombat” o`yini mazkur toifadagi o`yinlar qatoriga kirmaydi, chunki o`yinda to`plangan tangalar (hisob birliklari) utilitar kripto-aktivlardan farqli o`laroq, ta`minlanmagan va real foyda keltirmaydi.

“Hamster Kombat” o`yinida to`plangan xisob birliklari kripto-aktiv sanaladimi?

O`zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko`ra kripto-aktiv bu – ma`lumotlarning taqsimlangan reestri (blokcheyn) dagi raqamli yozuvlar yig`indisi bo`lgan, qiymati va egasiga ega mulkiy huquq.

“Hamster Kombat” o`yinida to`plangan xisob birliklari yuqoridagi ta`rifga mos kelmaydi va blokcheynga ega emas. Shunga ko`ra, mazkur birliklar kripto-aktiv emas.

Biroq, kelajakda “Hamster Kombat” dagi tangalar blokcheynga o`tishi va shu bilan kripto-aktivga aylanishi mumkinligi inkor etilmaydi.

Keyinchalik, kripto-aktivni tarqatish maqsadida u kripto-platformalarda listingdan o`tkazilishi mumkin. Biroq, bunday kripto-aktivlar aks hollarda foydali funksionallikning yo`qligi sababli ro`yxatga olinganidan keyin qisqa vaqt ichida qadrsizlanadi.

“Hamster Kombat” o`yinida to`plangan xisob birliklarini ular kripto-platformalarda ro`yxatga olinganidan keyin xarid qilish yoki sotish qonuniy bo`ladimi?

“Hamster Kombat” o`yinida to`plangan xisob birliklari kripto-aktiv deb tan olinsa, ularni faqat kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi milliy xizmat ko`rsatuvchi provayderlar orqali xarid qilish yoki sotish mumkin bo`ladi. Bunda ular kripto-birja kotirovkalash varag`i yoki  kripto-do`konning savdo savatiga kiritilgan bo`lishi zarur.

“Hamster Kombat” o`yinining O`zbekistondagi faoliyati Agentlik tomonidan tartibga solinadigan sohalarga kiradimi?

“Hamster Kombat” o`yinining xisob birliklari blokcheynga ega bo`lmagunicha, ularning aylanmasini tartibga solish Agentlik vakolatiga kirmaydi.

    Boshqa yangiliklar