Bugun, 26 iyun kuni Xitoy Xalq Respublikasining Urumchi shahrida sakkizinchi “Xitoy-Evroosiyo” xalqaro ko`rgazmasining ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston Bosh vaziri matbuot kotibi xabar qildi.
Tadbirda faxriy mehmon sifatida O`zbekiston, Qirg`iziston Bosh vazirlari, Tojikiston, Qozog`iston Bosh vazirlarining o`rinbosarlari, shuningdek, 40 dan ortiq xorijiy hukumatlar vakillari ishtirok etdi.
O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ham so`zga chiqdi.
So`nggi yillarda mamlakatlarimiz o`rtasidagi aloqalar tobora mustahkamlanib, yaxshi qo`shnichilik va do`stlikning yangi modeliga aylanayotganini ta`kidlab, bunda, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin o`rtasidagi samimiy munosabatlar hamda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida qayd etdi.
Xitoylik hamkorlar bilan energetika, kimyo, mashinasozlik, tekstil, qurilish materiallari, maishiy texnika, tibbiy asbob-uskunalar, qishloq xo`jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish bo`yicha qo`shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani bildirildi.
Savdo iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida, “Bir makon, bir yo`l” tashabbusi doirasida mintaqa mamlakatlari uchun strategik ahamiyatga ega bo`lgan “Xitoy-Qirg`iziston-O`zbekiston” temir yo`li qurilishi boshlanayotgani ma`lum qilindi.
Shinjon-Uyg`ur avtonom rayoni Xitoyning Markaziy Osiyoga darvozasi hisoblanishi, bunday formatdagi tadbir esa o`zaro hamkorlikni izchil va mantiqiy davom ettirishda muhim platforma bo`lib xizmat qilishi ta`kidlandi.
Shuningdek, Urumchi shahriga tashrif doirasida Xitoyning “China State Construction Engineering Corporation”, “Shina Energy International Group” va boshqa kompaniyalari bilan ham ikki tomonlama uchrashuvlar o`tkazildi.
Shuning bilan O`zbekiston delegasiyasining Xitoyga tashrifi yakuniga etdi.






