1

O`zbekistonda ayrim toifalar uchun jamoat transporti bepul bo`ladi

Jamiyat 26.06.2024, 16:39
O`zbekistonda ayrim toifalar uchun jamoat transporti bepul bo`ladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar ijtimoiy xizmat va yordam ko`rsatish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o`qishda ko`rib chiqib, qabul qildi.

Mazkur qonun loyihasi bilan bir qator qonunlarga o`zgalar parvarishiga muhtoj bo`lgan yolg`iz yashovchi, yolg`iz keksa hamda nogironligi bo`lgan shaxslarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, xotin-qizlar va bolalarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan o`zgartirish va qo`shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, "Xotin-qizlarni tazyiq va zo`ravonlikdan himoya qilish to`g`risida"gi qonunning tegishli moddalari qo`shimcha normalar bilan to`ldirilmoqda. Unga ko`ra, Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi xotin-qizlarni tazyiq va zo`ravonlikdan himoya qilish sohasida vakolatli organ etib belgilab qo`yilmoqda.

O`zgalar parvarishiga muhtoj bo`lgan yolg`iz yashovchi hamda yolg`iz keksalar va nogironligi bo`lgan shaxslarga shahar yo`lovchilar transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqi berilmoqda.

Shuningdek, o`zgalar parvarishiga muhtoj bo`lgan yolg`iz yashovchi hamda yolg`iz keksalar va nogironligi bo`lgan shaxslarga qilingan homiylik mablag`larini soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanmaydigan xarajatlar jumlasiga qo`shish nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, uning hududiy bo`linmalari tomonidan xotin-qizlar va bolalarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, og`ir ahvolga tushib qolgan va og`ir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori bo`lgan shaxslar, shuningdek, oilalar manfaatlarini ko`zlab fuqarolik va ma`muriy sudlarga arizalar, shikoyatlar, da`volar kiritilganda davlat bojini to`lashdan ozod qilish belgilanmoqda.

Majlisda qonun loyihasini ikkinchi o`qishga tayyorlash chog`ida mas`ul qo`mita tomonidan ishchi guruh a`zolari, huquqshunoslar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida bir qator yig`ilishlar, seminarlar o`tkazilgani, deputatlar tomonidan berilgan taklif va tavsiyalardan kelib chiqib, qonun loyihasining muqaddima qismi va bir qator moddalariga tahririy tuzatishlar kiritilgani qayd etildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1