AsosiyJamiyat

Boliviyada harbiylar prezident saroyiga bostirib kirishga urindi

'Boliviyada harbiylar prezident saroyiga bostirib kirishga urindi'ning rasmi

26 iyun kuni harbiylar Boliviya hukumati binolari joylashgan La-Pasdagi Plaza Murilloga kirish yo`llarini to`sib qo`yishdi. Shundan so`ng tank saroy darvozalarini buzib kirishga urindi. Zirhli texnika va qo`shinlar maydonda joylashtirildi, deya xabar bermoqda zamon.uz.

Hujumni boshqargan Boliviya armiyasi generali Xuan Xose Suniga harbiylarning maqsadi mamlakatda demokratiyani tiklash ekanligini aytdi va siyosiy mahbuslarni qamoqdan ozod qilishga va`da berdi.

"Qurolli kuchlar Boliviyada demokratiyani qayta qurish, uni 30-40 yil davomida bir xil qarashdagi kishilar boshqarib kelayotgan tizimni emas, haqiqiy demokratiyaga aylantirish tarafdori", — dedi general Suniga prezident saroyi oldidagi nutqida.

Boliviya prezidenti Luis Arse harbiylar prezident qarorgohi joylashgan La-Pasdagi “Buyuk Xalqlar uyi”ga bostirib kirishga uringach, mamlakat xalqini davlat to`ntarishiga urinishga qarshi chiqishga chaqirdi.

"Boliviya xalqi demokratiya uchun davlat to`ntarishiga qarshi birlashishi va safarbarlik uyushtirishi zarur. Biz to`ntarishga urinishlar boliviyaliklarning hayotiga zomin bo`lishiga yo`l qo`ya olmaymiz", — deya ta`kidladi u murojaatida.

Oradan ko`p o`tmay prezident mamlakatning yangi harbiy rahbariyati tayinlanganini e`lon qildi: Xose Uilson Sanches Boliviya armiyasining yangi qo`mondoni etib tayinlandi.

Ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, harbiylar yangi armiya qo`mondonining buyrug`iga binoan poytaxtdagi prezident saroyi va markaziy maydonni tark etishni boshladi.

Davlat to`ntarishiga muvaffaqiyatsiz urinishdan so`ng uch nafar harbiy rahbar qo`lga olindi. Ular orasida general Xuan Xose Suniga, harbiy-havo kuchlari generali Marselo Xaver Segarra va vise-admiral Xuan Arnes Salvador Ularning barchasi polisiya bo`limiga olib ketilgan.

Boliviya Mudofaa vaziri Edmundo Novilloning so`zlariga ko`ra, hukumat davlat to`ntarishiga urinishdan so`ng mamlakat qurolli kuchlari ustidan to`liq nazoratni saqlab turibdi.

    Boshqa yangiliklar