O`zbekistonda ilk marotaba saylovni yoritish maqsadida “PressClub: Elections.uz-2016” press- klubi tashkil etilayotgani haqida xabar bergan edik. Klub tadbirlari o`tkaziladigan “International Hotel Tashkent” mehmonxonasining “Billur” zalida press-klubning tantanali ochilish marosimiga qizg`in tayyorgarlik ko`rilmoqda.
Mehmonxonaning mazkur zali o`zbekona milliy qadriyatlarimizga monand ravishda bezatildi. Zalga kiraverishda saxovatli o`zbek zaminida etishtirilgan meva va sabzavotlar to`la arava, o`zbek milliy shirinliklarini ko`rish mumkin.
30 noyabrda bo`lib o`tadigan Klubning ochilish marosimida va keyingi uchrashuvlarda O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirza-Ulug`bek Abdusalomov, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tashqi siyosat masalalari qo`mitasi raisi Sodiq Safoev, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi milliy markazi direktori Akmal Saidovlar ishtirok etadilar. Ular press-klub ishiga maslahat yordami ko`rsatadilar.
Ma`lumot uchun, Mazkur loyiha ijtimoiy-fuqarolik tashabbusi hisoblanadi. Bu multimedia maydoni O`zbekiston Elektron OAV Milliy assosiasiyasi, «Uzbekistan Today» axborot agentligi, «Mening Yurtim»telekanali, «Sevimli-tv.uz» internet-telekanali, “Uzreport-TV” telekanali, “Darakchi inform servis”, “O`zbekiston kabel televideniesi”, “Poytaxt”, “Vodiy sadosi” radiostansiyalari va boshqalar tomonidan tashkil etildi. O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi loyihani texnik jihatdan qo`llab-quvvatlaydi.


