Toshkent shahrida ko`chalarning birida erkak jasadi topildi. Bu haqda darakchi.uz'ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.
Bildirilishicha, bugun, 1 iyul kuni soat 06:03 larda Bektemir tumani Bektemir mahallasida gazon ustida noma`lum erkakning qonga belangan jasadi yotgani haqida poytaxt IIBBga xabar kelib tushgan.
Olib borilgan surishtiruv ishlari davomida jasad Samarqand shahrida doimiy ro`yxatda turuvchi, 1984 yilda tug`ilgan fuqaroga tegishli ekani aniqlangan.
Dastlabki xulosaga ko`ra, murdaning ikkala qo`lining bilak qismlarida, bo`yin qismida hamda chap oyog`i son qismida kesilgan jarohatlari aniqlangan. Xulosada, erkak ushbu tan-jarohatlarni o`ziga o`zi etkazgan bo`lishi mumkinligi ehtimoldan holi emasligi ham ko`rsatib o`tilgan. Voqea joyida olib borilgan surishtiruv ishlari davomida jasad yotgan joydan 1 dona lezviya qon dog`lari bilan topilib, rasmiylashtirib olingan.
Qo`shimcha qilinishicha, hozirgi vaqtda voqea sodir etilgan joy va atrofdagi videokuzatuv moslamalari o`rganib chiqilgan. Unga ko`ra, oq rangli Nexia haydovchisi (kirakash), vaqtincha Bektemir tumanida yashovchi 23 yoshli qashqadaryolik fuqaro bilan suhbat olib borilgan.
Unda, Nexia haydovchisi marhum spirtli ichimlik iste`mol qilgani hamda o`z joniga qasd qilmoqchi ekanini aytgani, so`ng o`ziga o`zi lezviyada tan jarohati etkazgani, avtomashina qon bo`lgani sababli uni tushirib yuborganini ma`lum qilgan.
"Marhum to`g`risida uning yaqin aloqalari, yashash manzili va faoliyat turini aniqlash maqsadida tezkor surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda", deyiladi prokuratura xabarida.