1

Taxiatosh, Bo`ston va Bo`ka tumanlari hokimlari o`rinbosarlari pora bilan ushlandi

Jamiyat 02.07.2024, 09:20
Taxiatosh, Bo`ston va Bo`ka tumanlari hokimlari o`rinbosarlari pora bilan ushlandi

DXX pora bilan qo`lga olingan mansabdorlar haqida xabar qildi.

Qoraqalpog`iston Respublikasi Taxiatosh tumani hokimining qurilish, kommunal xo`jalik, ekologiya va ko`kalamzorlashtirish masalalari bo`yicha o`rinbosari o`zining mansab vakolatini suiiste`mol qilgan holda, hokimlik balansida bo`lgan va rejaviy buzilishga tushgan uyni mahalliy fuqaroga buzish ishlarini olib borish hamda buzish davomida chiqqan materiallardan o`z xohishiga ko`ra foydalanish (sotish) vakolatini beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 35 mln. so`m talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, hokim o`rinbosari so`ralgan pul mablag`idan 32 mln. so`mni o`zining xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Andijon viloyati Bo`ston tumani fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashi raisi o`zining nomida bo`lgan va chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo`jalik tasarrufidagi 10 gektar er maydonini eksportbop mahsulotlar etishtiriluvchi er toifasiga o`zgartirib, shuningdek, bu haqida tuman hokimining ekin maydonlarini joylashtirish to`g`risidagi qarorini chiqartirib, uni kavrak o`simligi etishtirmoqchi bo`lgan tadbirkorga 3 yilga foydalanishga berish evaziga 20 ming AQSh dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, u oldindan 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, kengash raisi avans sifatida olgan pul mablag`ini Bo`ston tumani hokimining qishloq va suv xo`jaligi masalalari bo`yicha o`rinbosariga berishi kerakligi ma`lum bo`lib, tezkor tadbir davom ettirildi hamda ushbu mansabdor shaxs ham 10 ming AQSh dollarini o`zining xizmat avtomashinasida olgan vaqtida ushlandi.

Toshkent viloyatida kuzatilgan holatda esa, Favqulodda vaziyatlar vazirligining Bo`ka tumani bo`limi boshlig`i 2022 yilda qurilgan ko`p qavatli uy uchun “Qurilishi tugallangan ob`ektni foydalanishga qabul qilish to`g`risida davlat qabul qilish dalolatnomasi”ni tasdiqlatib berish evaziga 2500 AQSh dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo`yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbirda, uning topshirig`iga ko`ra, talab qilingan pul mablag`ini olgan vaqtida tuman favqulodda vaziyatlar bo`limi xodimi ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, Bo`ka tumani favqulodda vaziyatlar bo`limi boshlig`i 1200 AQSh dollarini Bo`ka tumani hokimining qurilish, kommunikasiya, ekologiya va ko`kalamzorlashtirish masalalari bo`yicha o`rinbosariga berishi kerakligi ma`lum bo`lib, tezkor tadbir davom ettirildi hamda mazkur mansabdor shaxs ushbu pul mablag`ini o`zining xizmat avtomashinasida olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda uchala holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismining tegishli bandlari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.


 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1