O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Alievning taklifiga binoan 5-6 iyul kunlari amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo`ladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Davlatimiz rahbari Shusha shahrida bo`lib o`tadigan Turkiy davlatlar tashkilotining "Transport o`zaro bog`liqligi va iqlim o`zgarishiga qarshi kurashish orqali barqaror kelajakni barpo etish" mavzusidagi norasmiy sammitida ishtirok etadi.
Sammit davomida ko`p tomonlama hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, transport-kommunikasiya va investisiya-moliya sohalarida, shuningdek, "yashil" iqtisodiyot, qayta tiklanadigan energetika, iqlim o`zgarishiga qarshi kurashish va inson kapitalini rivojlantirish yo`nalishlarida yanada kengaytirish masalalari muhokama qilinadi.
Delegasiyalar rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalarni ham ko`rib chiqadilar.
Tadbir yakunida qator qo`shma hujjatlar qabul qilinishi ko`zda tutilgan.