Toshkentning Uchtepa tumanida 16 yoshli yigit Malibu’da piyodani urib ketdi. Holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
Toshkent shahar YHXB matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, voqea 27 iyun kuni soat 20:10 larda THAY ko`chasi “Ko`rkam obod” MFY Milliy gvardiya binosi qarshisida sodir bo`lgan.
16 yoshli yigit A.X. Malibu-2 avtomashinasini katta tezlikda boshqarib ketayotib, yo`lni belgilanmagan qismidan kesib o`tayotgan 39 yoshli erkakni urib yuborgan. Tan jarohatlari olgan piyoda shifoxonaga yotqizilgan.
Malibu-2 ni boshqargan yigit Uchtepa tumanidagi 312-maktabning 10-sinf o`quvchisi bo`lib, hodisa vaqtida avtomobilda yana uch nafar tengdoshi bo`lgan. Ular yuqori tezlikda va svetoforning qizil chirog`ida harakatlangan.
Ayni paytda holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan, tergov harakatlari olib borilmoqda.