Madaniy meros agentligi matbuot xizmati muzeylardagi rasmlar sotilayotganiga rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda San’at muzeyi kolleksiyasiga aloqadorligi aytilayotgan san’at buyumlari onlayn sotuvga chiqarilgan. Bu esa keng muhokamalarga sabab bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan ma’sullar sotuvga qo‘yilgan san’at asarlarini sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirdi. Bu haqdagi tegishli surishtiruv va tushuntirish hisobotlari muzey muhofizlari tomonidan o‘rganilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur suratlar muzey kolleksiyasiga mansub emas hamda ularning elektron sotuvga chiqarilishi bilan San’at muzeyining rekonstruksiya va joriy ta’mirlash uchun yopilishi o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik yo‘q.
San’at muzeyining barcha eksponatlari to‘liq raqamlashtirilgan, davlat muzeylaridagi elektron identifikatsiya qilinuvchi muzey ashyolari va sara to‘plamlari soni barqaror o‘sishda davom etmoqda.