AsosiyJamiyat

Jizzaxdagi bog‘chada bolalar ovqatdan zaharlandi

16 nafar tarbiyalanuvchi ovqatdan zaharlangani, ularning 2 nafari shifoxonaga yotqizilgani ma’lum qilindi.

'Jizzaxdagi bog‘chada bolalar ovqatdan zaharlandi'ning rasmi

Jizzaxning Paxtakor tumanidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalar ommaviy zaharlandi. Bu haqda bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova xabar berdi.

Holat viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganilganda aniqlanishicha, 2 avgust kuni bog‘chada tarbiyalanayotgan I.F. (qiz bola, 2020 yilda tug‘ilgan) va S.T. (qiz bola, 2019 yilda tug‘ilgan)ning tana harorati ko‘tarilgan. Ota-onasi tomonidan shifoxonaga olib borilganda, bolalar ovqatdan zaharlanish tashxisi bilan yuqumli kasalliklar bo‘limiga yotqizilgan.

Shuningdek, shu kunning o‘zida ushbu bog‘chada tarbiyalanayotgan qolgan 14 nafar bola ham yuqumli kasalliklar bo‘limida shifokorlarning kuzatuviga olinib, zarur muolajalar olgan. Ularga sog‘ligidan shikoyat aniqlanmagani tufayli uylariga javob berilgan.

Epidemiologik surishtiruv davomida bolalarga nonushta payti berilgan oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalar olingan. Hozirda tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Toshkentdagi bog‘chada 3 yoshli bola kaltaklangani haqida xabar bergandik.

    Boshqa yangiliklar