AsosiySiyosat

Restoran va kafelarga QQSning 40 foizgacha qismi keshbek sifatida qaytarib beriladi

1 dekabrdan bu korxonalar naqd pulga sotib olgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kirim qilishda hech qanday hujjat talab qilinmaydi.

'Restoran va kafelarga QQSning 40 foizgacha qismi keshbek sifatida qaytarib beriladi'ning rasmi

O‘zbekistonda 2025 yil 1 yanvardan umumiy ovqatlanish korxonalariga qo‘shilgan qiymat solig‘ining (QQS) bir qismi keshbek sifatida qaytarib beriladi. Bu haqda 20 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Muloqotda prezident umumiy ovqatlanish hamda mehmonxona xizmatlarining eng katta muammosi QQS va ishchilar hisobini yuritish ekanidan xabardorligini ta’kidlagan.

“Shu bois, 1 yanvardan umumiy ovqatlanish korxonalariga QQSning bir qismi tadbirkorga keshbek sifatida qaytarib beriladi. Bunda oylik aylanmasining 60 foizini naqd pulsiz amalga oshirgan korxonalarga QQSning 40 foizi to‘langan zahoti qaytariladi. Agar naqd pulsiz aylanma 60 foizdan kam bo‘lsa, keshbek 20 foiz bo‘ladi”, degan davlat rahbari.

Shu bilan birga, QQS to‘lashga o‘tgan restoran va kafelarga foyda solig‘i 2 karra kamayadi. 1 dekabrdan bu korxonalar naqd pulga sotib olgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kirim qilishda hech qanday hujjat talab etilmaydi. Ularga bahor va yoz mavsumida o‘zlariga tutash maydonlarda stol-stul va soyabon qo‘yib ishlashga ruxsat beriladi.

Restoran va kafelar ishchilar bilan qisqa muddatli, soddalashgan mehnat shartnomasini tuzishi mumkin bo‘ladi. Xuddi shu kabi 1 oktyabrdan mehmonxona va turoperatorlarga ham to‘langan QQSning 20 foizi keshbek qilib beriladi.

Avvalroq sanoat ishlab chiqaruvchi korxonalarga elektr va gaz iste’moli limitdan 20 foizgacha oshib ketsa ham bazaviy tarif saqlanib qolishi haqida xabar berilgandi. Bunda agar iste’mol 20 foizdan o‘tib ketsa, oshgan qismiga to‘lov 20 foiz qimmatlashishi eslatilgan.

    Boshqa yangiliklar