O`zbekiston va Tojikiston o`rtasidagi aviareyslar 2017 yilning yanvar oyidan qayta tiklanadi. Bu haqda “Dushanbe xalqaro aeroporti” OAJ ma`lumotlariga asoslanib, UzDaily xabar beradi.
Aeroport ma`lumotiga ko`ra, joriy yilning 30 noyabr kuni Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbari o`rinbosari Oleg Lim boshchiligidagi O`zbekiston delegasiyasi Tojikistonga tashrif buyurdi.
O`zbekiston delegasiyasi “Dushanbe” xalqaro aeroporti faoliyati bilan tanishishdi hamda Tojikiston Transport vazirligida muzokaralar o`tkazishdi.
Muzokaralar tanijasida O`zbekiston va Tojikiston o`rtasida Dushanbe-Toshkent-Dushanbe aviaqatnovlarni qayta yo`lga qo`yish to`g`risida kelishib olishdi. Birinchi parvoz 2017 yil yanvarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Hamkorlik to`g`risida imzolangan protokolga muvofiq, aviareyslar haftasiga ikki marotaba “Somon-Eyr” va “O`zbekiston havo yo`llari” tomonidan amalga oshiriladi.





