1

Erni er qiladigan – xotin

Mutolaa 02.12.2016, 10:48
Teglar: Xikoya
Erni er qiladigan – xotin

Go`shtsiz, yog`siz tayyorlangan xonimni dasturxon ustiga qo`yar ekanman, erimning hech bir istiholasiz ovqatga chang solganidan jig`ibiyronim chiqib ketdi:

— Dadasi, bu uydagi oxirgi un, oxirgi kartoshka, umuman bu uyda men pishirgan oxirgi ovqat, maza qilib eng!

— Ovqatni zahar qilma, bolalarni oldida janjal chiqarma!

— Etti qo`shnidan so`rab tayyorlangan ovqat, aslida, men uchun zahar, bolalaringiz esa sizdan ko`ra uydagi ahvolni yaxshiroq biladi. Bularning rang-ro`yiga qarang, qachon tuzukroq ovqatlanib, qachon yangi kiyim kiyganini eslaysizmi o`zi? — ichimdagi alamni bosishga har qancha urinmay, xo`rligim kelib, tilimni tiya olmay qoldim, yana juda ko`p narsalarni aytib yubordim, dasturxonga emas, otasining vajohatga minishidan qo`rqib, mo`ltirab turgan uch o`g`lim ham ko`zimga ko`rinmadi. Ikki yildan beri uyga bir so`m olib kelmayotgani, meni ishdan beayb bo`shatishdi, deb butun er yuzini yomonlab, kun bo`yi televizor ko`rib, so`kinib o`tirishini, bolalarning na egni-boshiga, na osh-ovqatiga, na dars tayyorlashiga yordam berishi, hatto quv-quv yo`talayotgan kenja o`g`lim uchun dori olib berishga ham biror tiyinimiz qolmaganini yig`lab gapirib tashladim. Hali hech qachon bolalar oldida tilga olmaganim — pulsiz, ishsiz qolgani uchun tashlab ketgan ikkinchi xotini va qizi, ikki yildan beri yig`ilib yotgan alimenti, mening tuproqqa qorishtirilgan g`ururimu izidan zor yig`laganlarim, erimning o`z mansabini su`iste`mol qilib, davlat mulkini talon-taroj qilgani uchun akasiyu otasi o`z uy-joyini, mashinasini sotib,  davlatga qaytargan millionlab pullari haqida eslatib qo`ydim. Bularni hammasini aytib, engillashmadim, aksincha, qanday qilib shuncha muammo bilan yashayotganimizni o`ylab, ko`z oldim qorong`ilashib ketdi. Xuddi shu payt oldimdan xonim to`la lagan uchib o`tib, devorga borib urildi.

— Bo`ldi, qilasanmi yoki yo`qmi? — erim dasturxondan otish uchun yana biror narsa qidira boshladi. Kichik o`g`illarim izillab yig`lay boshladi, kattasi ezilgancha menga qaradi, nigohida «Oyi, gapirmang» degan yalinish borligini ko`rdim. Tilimni tiyishim kerakligini bildim, lekin erga lagan sinig`iga qorishib yotgan xonimni ko`rib, boshim qizib ketdi: 

— Ovqatni siz uchun emas, bolalarim uchun qilgandim, undan ko`ra tepkilaganingiz yaxshiydi!

...Ha, o`sha kuni bolalarimning ko`z oldida menga tashlandi. Kattam jon holicha ustimga yotib olib, meni himoya qilmagunicha erim tinchlanmadi. Keyin... erim uydan chiqib ketib, oradan 3 kun o`tgandan so`ng qaytib keldi. Biri to`qqiz yoshni to`ldirgan, ikkinchisi ettiga qarab ketayotgan, kenjasi ikki yosh bo`lgan farzandlarim qo`rqqanidan yana bir burchakka g`ujanak bo`lib olishdi.

— Menga qara, men ish qidirib ko`rdim, ammo o`zimga mosini topomadim. Tug`ruq ta`tilingni qisqartirgin-da, ishingga qayt, men bolalarga qarab turaman, o`rtog`im yaxshi taklif berayapti, o`sha ish o`xshaguncha bittamiz ishlab turganimiz yaxshi.

Indamadim, nima qilay, o`zimga er kerak emas, lekin bu uch o`g`ilga ota shart! Ortiqcha gapirib ham o`tirmadim. Garchi ishlashim haqidagi taklifni o`zim avvalroq bir necha marta aytgan bo`lsam-da,  erim unamagandi. «Sen ketsang, bolalarga kim qaraydi, maktabga kim olib borib keladi» deb, ruxsat bermagandi.

Hamshira bo`lib ishimni davom ettirdim, oradan 1 yil o`tsa ham erim ish topolmadi. Uydagi to`rt erkakni boqish, qarzlarni yopish uchun kechasi bilan oshxonada narsa pishirib, ishxonada shifokorlar, bemorlar, hamkasblarga quymoq, somsa, xonim kabilarni sotib yurdim. Keyinroq bosh shifokor buni taqiqlagach, daromadimning ham payi qirqildi.

— Dadasi, yonimizdagi bozorchani gaplashib keldim, institutning oldida joylashgan, katta termosga qaynoq suv solib, xonimmi, somsami tog`oraga solib bersam, siz talabalarga sota olasizmi? Ularning ko`pchiligi ertalab yotoqxonada choy ichmaydi, biz qahva, pishiriqni arzonroq bersak, klientimiz ko`payib ketadi. Hech bo`lmasa, ro`zg`orimizni bir uchidan ko`tarib turardi. Men ishga borsam, bunga ulgurmayman. Ertalab atigi ikki soatda sotib bo`lasiz, jon dadasi... Birov sizni tanimaydi, kepkani bostirib kiyib olsangiz bo`lgani, sizni tanishlaringiz u kichik bozorchaning yaqiniga ham yo`lamaydi. Nima bo`pti, tirikchilikning aybi yo`q-ku!

Rozi bo`lishiga umuman ko`zim etmasa-da, birinchi marta erimga maslahat solganimgami, u negadir men tomon yon bosdi.

— Bozorga hech qanday to`lovi yo`q ekanmi? Xarajatlaringni hisoblab chiqdingmi, ustiga qancha qo`yasan?

— Hali hech narsani hisoblamadim, siz bankda ishlagansiz, mendan yaxshi bilasiz-ku. Ijaraga mashina haydab, kira qilib topadigan foydangizdan yaxshi bo`ladi, meni aytdi, deysiz. Sekin-asta, boshqa narsalarni ham sotamiz, alohida rasta olamiz, erta tongda Qo`yliqdan bozor qilsak, ancha foyda qoladi...

Erim avval bankda ishlagani uchun ham biznes reja nimaligini yaxshi bilardi. Ertaga borib, bozordagilar bilan gaplashib ko`raman, deb menga umid bag`ishladi. Biroq oradan bir hafta o`tsa ham o`rnidan qo`zg`almadi, «Ko`chada xonim sotuvchi bo`lish uchun institutda o`qimaganman», deb unamay uyga yotib oldi. Bu orada bir shifokorimiz «Bolalarimni maktab, to`garakka olib borish uchun haydovchi yollamoqchiman, o`z mashinamni beraman», deb qoldi. Darhol «Xo`jaynimga bering shu ishni, jon deb ishlaydi», deb unga yalindim. Maoshli ish, shuningdek, qimmatbaho mashina haydashini eshitib, erimning dili yorishgandek bo`ldi.

Shunday qilib, erim o`sha oilaning haydovchisiga aylandi, afsuski, uning ko`chada qimmatbaho mashina haydab yurganini ko`rgan ikkinchi xotini va boshqa qarzdorlar uyimning turumini buzib yuboray deyishdi. Qo`li pul ko`ra boshlagandan keyin turmush o`rtog`imda hayotga sal bo`lsa-da qiziqish uyg`ondi. Ora-sira «Sen aytgan anavi ishni qilib ko`rish kerak», deb qo`yardi. Bir safar yakshanba kuni ertalab turib, katta tog`orani to`ldirib, xonim tayyorladim. «Hech bo`lmasa, bozorchagacha ko`tarishib yuboring, o`zim sotaman, siz ketaverasiz», deb erimni zo`rg`a uyg`otdim. Ikkalamiz birgalikda bozorchaga qarab ketayotib, urishmasdan, xotirjam gaplashdik:

— Bobom katta novvoy bo`lgan. Pishirgan patir, nonlarini so`rab, Toshkentning har tomonidan odamlar kelar ekan. Balki bobomning nabirasi bo`lganim uchun xamirli ovqatlarim yaxshi chiqar...

— Mening  bobomning bobosi esa shirapaz bo`lgan, novvot, pashmak degan narsalarni ulardan oshirib hech kim qilolmagan! Oldin odamlar oshpaz, tikuvchi, hunarmandni boshiga ko`tarib qadrlagan, hozir hamma menedjer, marketolog! Oddiy sotuvchidan «Kim bo`lib ishlaysan?» deb so`rasang, «Savdo menejeri» yoki «konsultant-sotuvchi» deb jimjimador gaplarni aytadi...

— O`sha-da, dadasi, faqat bitta ishga yopishmay, kunda daromad keladigan bir ish ham qilish kerak. Nega uyalamiz? Masalan, men uyalmayman, ishxonadagilar xonimlarimni maqtab-maqtab eyishadi. Hatto bir-ikkitasiga qanday qilishni o`rgatganman ham...

Bozorchada soat 6 ham bo`lmay qatiq, qaymoq olish uchun kelgan yoshi ulug`lar, ota-onasini yo`qlash uchun bozorlik qilayotgan yosh oilalar tog`ora to`la xonimimni talashib-tortishib olib ketishdi. Chekkaroqda ishimni kuzatib turgan erimning ham kayfiyati ochildi.

— Ikki soatda 3 kilo go`shtning pulini ishlabmiz-a, xotin!? — dedi xo`jayinim pulni sanab lab-lunjini yig`ishtirolmay.

Ichimda «Bitta kartoshka ham artmay, 70 metr joyga tog`orani ko`tarib kelgani uchun «ishlabmiz» degan erimdan o`rgilay» desam-da, o`sha pullarning hammasini Akrom akamga berdim.  «Xo`sh, 3 kilo un mana shuncha bo`ladi, yog`ni mana bunchaga olgansan, sof daromadimiz buncha, agar haftada ikki marta chiqsak, pulimiz bunchaga ko`payadi...»

Akrom aka uyga kela-kelguncha xarajat, tannarx, foyda kabilarni gapirib keldi. O`sha kundan boshlab, nafaqat xonim tayyorlashga qarashadigan, balki, o`zi sotib keladigan ham bo`ldi. Hafta davomida haydovchilik, dam olish kunlari sotuvchilik qilishdan orlanmay qoldi. Meni esa bu orada eng mehnatkash va uquvli deb bilib, bo`limga bosh hamshira etib saylashdi. Erimning tartib bilan ishlagani, o`z vaqtida etib kelib, bolalarning ishonchini qozongani uchun shifokorimizning turmush o`rtog`i avtobazaga ishga joylashishiga yordam berdi. Turmush o`rtog`im bir emas, ikki, uch vazifada ishlay boshladi, ham iqtisodchi, ham haydovchi, ham bozorga chiqadigan bo`ldi. Hayotimiz bir tekis keta boshladi. O`zining kerakli, foydali ekanini bila boshlagan Akrom akamning  men va bolalari bilan munosabati ham tiklandi, ikkinchi xotini har tugul baxtini topib ketdi, ammo erimni otalik huquqidan mahrum qilmoqchi bo`ldi, rozi bo`lmadi, oz bo`lsa ham qizi uchun aliment to`lay boshladi. Qarzlarimiz... bu ummon-ummon muammo bilan hali butkul kurasha olganimiz yo`q, lekin harakat qilsang, biring ikki bo`lishiga, buzishga emas, tuzishga urinsang, singanni ham chegalab yashash imkoni borligiga, odam katta baxtsizliklar oldida kichik baxtni topishga majbur ekanligini, bu yashashning birdan bir qoidasi ekanini har ikkimiz o`z holimizcha tushundik... Bizning ko`p muammolarimiz iqtisodiy qiyinchiliklar edi, hozir bularning aksariyatidan xalos bo`ldik... Ko`pincha ishxonada, mahallada, ayniqsa, qarindoshlar orasida «Eringizni tushkun holatdan olib chiqib ketdingiz-a, odamlar qatoriga qo`shdingiz-a» deyishadi. Yo`q, mening xatolarim ham etarlicha. Necha ming marta ajrashaman, deganman, necha ming marta erimni otamdan qolgan uydan haydab chiqargim kelgan paytlar bo`lgan, aytmagan, urishmagan gapimiz qolmagan. Har doim ham u istagan gap aytolmagandirman, xiyonat qilishi uchun o`zimning ham etarli aybim bo`lgandir, dasta-dasta pullarining kelayotgan bog`ini surishtirmagandirman, xullas... Muhimi, ikkimiz ham o`zgardik, endi hayotimiz, turmushimiz ham ijobiy tomonga o`zgarishiga ishonaman...

Aziza QURBONOVA oqqa ko`chirdi.

Sharhlar

Yigirma yil kutilgan baxt

16.01.2017, 14:47

— Turmush qurganimizga yigirma yil bo`ldi, — dedi tahririyatga qo`ng`iroq qilib o`zini Dinora opa deb tanishtirgan muxlisamiz. — Turmush o`rtog`im ikkimiz institutda o`qib, sevishib, ota-onamizning...
Kelin qul deganimi?

13.01.2017, 15:24

Shahlo qaynonasining qadam tovushlaridan uyg`onib ketdi. Endigina ko`zi ilingandi-ya. Qizini uxlatish qiyin, yoshiga to`lmay sun`iy ovqatga o`rgatgani uchun bir dardi ikki bo`lgan. Shahloning o`zi belida...
«Sevganim chiroyli…»

12.01.2017, 16:28

Turmush o`rtog`ing chiroyli bo`lsa ham qiyin ekan. Atrofdagi ayollar undan ko`z uzmay turishiga chidash osonmi? Bunday vaziyatda rashk qilish, ko`z yosh to`kish, ketaman deb qo`rqitish...
«Dadam va onamni yarashtirganim…»

11.01.2017, 11:26

Makr ishlatish ayollarga xos, deyishadi. Ammo yosh bo`lishimga qaramay, men ham makrdan foydalandim. Buni yomonlikka yo`ymang. Oilamizni saqlab qolish uchun qildim buni… Bir boshidan aytib...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1