AsosiyJamiyat

Maxtumqulining 300 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro forumdagi prezident nutqi

Shavkat Mirziyoyev Ashxobod shahrida “Zamon va sivilizatsiyalarning o‘zaro bog‘liqligi – tinchlik va taraqqiyot asosi” mavzusida o‘tayotgan xalqaro tadbir qatnashchilarini qutladi.

'Maxtumqulining 300 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro forumdagi prezident nutqi'ning rasmi

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Go‘zal Ashxobod shahrida “Zamon va sivilizatsiyalarning o‘zaro bog‘liqligi – tinchlik va taraqqiyot asosi” mavzusida o‘tayotgan xalqaro tadbirning barcha qatnashchilarini chin qalbimdan qutlashga ijozat bergaysiz.

An’anaviy do‘stona qabul va ushbu ajoyib tadbirni yuksak darajada tashkil etgani uchun Turkmaniston Prezidenti, hurmatli Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedovga hamda Turkmaniston xalqining Milliy lideri, Xalq Maslahati Raisi, qadrli birodarim Gurbanguli Malikguliyevich Berdimuhamedovga samimiy minnatdorlik izhor etaman.

Azaliy qadriyat va an’analar tobora zavol topib borayotgan bugungi notinch va murakkab dunyoda Turkmaniston rahbariyati adabiyot va ma’rifatni davlat siyosati darajasiga ko‘tarib, uni xalqaro munosabatlarda tinchlikparvar va do‘stona muloqot vositasiga aylantirayotganini alohida e’tirof etishni istar edim.

Bugungi konferensiyamiz xalqlarimiz o‘rtasidagi birodarlik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlash, mamlakatlarimizni bir-biriga yanada yaqinlashtirish, boy ma’naviy merosimizni butun dunyoga targ‘ib qilish yo‘lida ulkan amaliy qadam bo‘lishi shubhasiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Ko‘hna Turkmaniston ko‘plab buyuk insonlar, alloma va shoirlarga beshik bo‘lgan mo‘tabar diyordir. Bu haqda so‘z yuritganda, turkman xalqining ulug‘ farzandlari – Ozodiy, Andalib, Shaydoiy, G‘oyibiy, Mullanafas kabi betakror mutafakkir va allomalarni esga olishimiz tabiiy, albatta.

Ular orasida turkman xalqining benazir farzandi, durdona asarlari bilan insoniyat tafakkurini boyitgan Maxtumquli Firog‘iy ijodi nafaqat Sharq, balki jahon adabiyotida alohida o‘ringa egadir.

Ulug‘ gumanist shoirning o‘lmas adabiy merosi asrlar davomida umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘un bo‘lib, tinchlik-totuvlik, mehr-oqibat va qardoshlik kabi olijanob fazilatlarni ulug‘lab kelmoqda.

Qutlug‘ 300 yillik tavallud ayyomi YUNЕSKO rahnamoligida xalqaro miqyosda nishonlanayotgan buyuk shoir asarlarining tub mohiyatida “Dunyoni yaxshilik, do‘stlik, hamkorlik, mehr-shafqat va insoniylik qutqaradi”, degan ezgu g‘oya mujassam.

Shu ma’noda, kimki turkman xalqining qalbini, yuragini anglamoqchi bo‘lsa, turkman eliga xos azmu shijoat, do‘stga sadoqat kabi yuksak fazilatlar manbaini bilmoqchi bo‘lsa, albatta Maxtumquli she’riyatidan bahramand bo‘lishi kerak.

Maxtumquli o‘zbek xalqi uchun ham g‘oyat ardoqli va suyukli siymo ekani bilan biz haqli ravishda faxrlanamiz. Ul zot Xivadagi Sherg‘ozixon madrasasida tahsil olgan, dunyoviy va diniy ilmlarni chuqur o‘rgangan. Ayni vaqtda u buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiy ijodini yuksak qadrlagani ham mushtarak tariximiz sahifalari orqali yaxshi ma’lum.

Bugungi kunda o‘lkamizda Maxtumqulining dilbar she’rlari va qo‘shiqlari doimo yangrab, qalblarimizda yashab kelmoqda. Hech shubhasiz, uning boqiy asarlari azaldan bir-biriga qardosh va yelkadosh bo‘lgan xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligini keng nishonlash haqida yurtimizda alohida qaror qabul qilindi. Ushbu sanaga bag‘ishlab adabiy kechalar, tanlovlar, ilmiy anjuman va seminarlar o‘tkazilmoqda. Teatrlarimizda shoir haqida spektakllar qo‘yilib, o‘zbek va turkman kino ustalari hamkorligida badiiy film suratga olindi.

Bugun Toshkent shahri va hududlarimizdagi o‘nlab ko‘cha va xiyobonlar Maxtumquli nomi bilan ataladi. Toshkent va Xiva shaharlarida bu ulug‘ siymo xotirasiga bag‘ishlab bunyod etilgan yodgorlik majmualari tabarruk ziyoratgohlarga aylangan.

Ayni vaqtda biz Turkmanistonda ham o‘zbek xalqiga, uning madaniyati va san’ati, milliy qadriyatlariga katta hurmat-ehtirom ko‘rsatilayotganini yuksak baholaymiz.

Hurmatli do‘stlar!

Bugun Turkmaniston rahbariyati tashabbusi va g‘oyasi asosida mahobatli Maxtumquli Firog‘iy memorial majmuasi barpo etilgani barchamizni cheksiz quvontiradi. Bu muazzam maskan qardosh turkman eliga xos donishmandlik va bag‘rikenglik, yuksak ma’rifatparvarlikning yorqin timsoliga aylanmoqda.

Ana shunday oqilona siyosat o‘tgan 30 yil davomida ijobiy betaraflik maqomiga ega Turkmanistonning davlatchilik asoslarini mustahkamlash, xalq farovonligini oshirish yo‘lida erishgan mislsiz yutuqlarida o‘z ifodasini topmoqda.

Biz qardosh Turkmaniston rahbariyatining tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan kelgusi yilning “Xalqaro tinchlik va ishonch yili”, deb e’lon qilingani hamda bu borada o‘ziga xos global muloqot platformasi yaratilayotganini olqishlaymiz. Jumladan, kelgusi yili dekabr oyida Ashxobodda bo‘lib o‘tadigan xalqaro sammit bu xayrli yo‘ldagi ulkan voqea bo‘ladi, deb ishonamiz va turkman birodarlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.

Aziz do‘stlar!

Maxtumquli Firog‘iy bir paytlar:

“Xizr kezgan cho‘lda el xurram bo‘lsin,

Yurtimiz binosi mustahkam bo‘lsin”,

deb ezgu niyat qilgan edi.

Ona Vatanini chin farzandlik mehri bilan sevgan, uning yorug‘ istiqboli uchun kurashgan, Haq va adolat kuychisi Maxtumquli Firog‘iyning orzu-umid va armonlari bugun to‘la ro‘yobga chiqmoqda. Qardosh Turkmaniston jadal rivojlanib, mamlakatda obodlik va farovonlik, davlatning xalqaro obro‘-e’tibori tobora yuksalib borayotgani do‘st O‘zbekiston xalqini ham behad mamnun etmoqda.

So‘zimning yakunida, tilagim shuki, dunyoga Maxtumquli Firog‘iy kabi buyuk zotlarni bergan turkman diyori doimo gullab-yashnasin!

Xalqlarimiz tinch-totuv, azaliy do‘stligimiz boqiy bo‘lsin!

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar

    ''ning rasmi

    Jamiyat 19.12.2024 17:53

    'Dollarning rasmiy kursi ketma-ket tushishdan so‘ng yana ko‘tarildi'ning rasmi

    Jamiyat 19.12.2024 15:59

    Dollarning rasmiy kursi ketma-ket tushishdan so‘ng yana ko‘tarildi

    Markaziy bank xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan qiymatini e’lon qildi.

    'Qashqadaryoda erkak va uning 3 nafar farzandi is gazidan vafot etdi'ning rasmi

    Jamiyat 19.12.2024 13:33

    Qashqadaryoda erkak va uning 3 nafar farzandi is gazidan vafot etdi

    Ota 46 yoshda, o‘g‘li 18, ikki qizi 16 va 10 yoshda bo‘lgan.

    'O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida yuqori texnologiyalar sohasidagi hamkorligi kengaymoqda'ning rasmi

    Jamiyat 19.12.2024 10:53

    O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida yuqori texnologiyalar sohasidagi hamkorligi kengaymoqda

    O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida yuqori texnologiyalar sohasida strategik hamkorlikni rivojlantirish doirasida “MISIS”ning Olmaliq filialida “O‘zbekistonda kvant haftaligi” nomli noyob tadbir bo‘lib o‘tdi.

    ''ning rasmi

    Jamiyat 18.12.2024 23:21

    'Haftaning har payshanba kuni jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilandi'ning rasmi

    Jamiyat 18.12.2024 22:31