1

Eringizning telefonida ma`shuqasi bo`lsa…

SUG'DIYONA 03.12.2016, 11:03
Teglar: Ayol, Erkak, Oila, Er-xotin, SUGDIYONA
Eringizning telefonida ma`shuqasi bo`lsa…

«Yoshim yigirma ikkida. Turmushga chiqqanimga uch yil bo`ldi. Shiringina qizaloqning onasiman. Tashqaridan nazar solganda, erimning ham menga munosabati yaxshi. Ammo,  bir  voqeani eslasam, boshimga og`riq kirib, alam jahl otiga mindiradi. Sababi, turmush o`rtog`imdan gumonlanaman. Buning uchun asosim bor! Bir yilcha oldin erimning telefoni qo`limga tushib qoldi. «SMS»lariga kirib qarasam, bir ayol bilan yozishmalari bor ekan. Ularni o`qib, larzaga tushdim va raqam egasiga qo`ng`iroq qildim. Ayol kishi ko`tardi. Bilishimcha, xo`jayinimning hamkasbi, beva juvon ekan. Shu bilan, u telefon raqamini o`zgartirdi, erim esa telefoni mening qo`limga tushmasligi uchun bir zum ham uni yonidan qo`ymaydigan bo`ldi. Bu voqea hamon janjallarimizga sabab bo`lib kelmoqda...»

O`zini Marhabo deya tanishtirgan mushtariyimizning savoli tahririyatda bahsga sabab bo`ldi. Bir guruh ayollarimiz «O`ziga-o`zi muammo sotib olgan. Erning telefonini kavlamaslik kerak», desa, yana bir tomon, «Erkak kishi ayolida shubha uyg`otgach, qanaqa qilib, jim o`tirish mumkin?» deya e`tiroz bildirdi. Ruhshunosimiz Barno ILHOMOVA bilan masalaning asl echimini izladik.

 

«Senikimi yo meniki?»

Mavzuga psixologik nuqtai nazardan yondashib qaraydigan bo`lsak, har bir insonning o`z hududi va chegaralari bo`ladi. Bu oddiy hol. Har birimizning o`z moddiy mulkimiz bor: kiyimlarimiz, taqinchoqlarimiz, tish chyotkamiz va hakozo. Ularga hech kim daxl qilmasligini istaymiz. Ma`naviy mulkimizga esa o`y-xayollarimiz, g`oyalarimiz, tuyg`ularimiz kiradi. Endi qarang, telefon bu — moddiy mulk! U sizniki va o`zingiz ishlatishingiz kerak. Ichidagi bor jamiki  boyligi — suratlar, kontaktlar, yozishmalar esa ma`naviy mulkingizdir. Ularga kimningdir, hatto eringizning ham ko`z yugurtirishi yoqmasligi aniq. Dugonalarning o`zaro g`iybati, faqat ayollargagina tegishli gap-so`zlar degandek.

Chegaralarimiz kimdir daxl qilmasligi uchun ikkinchi tomonning chegaralarini oyoqosti qilmasligimiz, har bir insonning o`z shaxsiy narsalari, tuyg`ulari bo`lishi kerakligini tushunib, ularni hurmat qilishimiz lozim... Bu masalaning bir tomoni.

 

Tanganing ikkinchi tomoni

Xiyonat mavzusi ko`tarilgan o`rinda esa ayollarni to`xtatish qiyin. Shunaqa zamonda yashayapmizki, qornimiz ochligiga chiday olamiz, ammo ko`ngil yarimligiga bardoshimiz etmaydi. Shuning uchun juftimiz telefonini etti uxlab tushimizga ham kirmaydigan «kod» bilan qulflab qo`ygani, o`tirsa ham, tursa ham o`t tushgur matohni cho`ntagidan olmasligi, uxlaganda yostig`ining ostiga qo`yib yotishi, ovozini esa doim o`chirib qo`yishi — shubhalarimizga doyalik qiladi. Bunday kezlarda erginangizning sizdan yashirgan sirini topish istagida yonasiz. Tushunamiz, yomon alam qilayapti. Hamma gap yashiringan to`rtburchak qutini, qutiga qo`shib, xiyonatkorlarni tutish ilinjidasiz. Shoshmang!

 

Shoshsangiz, yutqizasiz?

Ko`pdan quyon, sizdan telefon qochib qutila olmaydi. Ko`za kunda emas, kunida sinadi — telefon qo`lingizga tushadi. Titkilaysiz! Ha, o`zingiz istagandek, izlagan narsangizni topdingiz ham deylik. Mana, o`sha oilangizga suqilib kirayotgan, eringiz bilan bilan doston yozishayotgan megajin! Topdingiz! Lekin biz sizni tabriklay olmaymiz. Chunki...

 

Maqsadsiz qo`l yugurtirmang!

Eringizning telefonini titkilashdan maqsadingiz nima? Ikkingizning o`rtangizda uchinchi odamni topishmi? Uning borligini sezib yurgandingiz, shuni isbotlashmi? Isbotlab, eringizning ko`ziga asragan cho`pini suqib, raqibingizning sochini yulib, sharmandasini chiqarib, muammongizdan hammani boxabar qilib, so`ngra ajarashishmi? Unda bemalol, telefon kavlashda davom eting.

«Yo`q, yo`q, men erimni juda yaxshi ko`raman! Kimdir boshini aylantirib olmasin, deyman! Shuning uchun o`sha kimnidir topib, gaplashib qo`yib, erimni ham bu yo`ldan qaytarmoqchiman», deysizmi? Shu yo`l bilan mushuk-sichqon o`yiniga barham bermoqchisiz-da. Adashasiz...

 

O`yin davom etadi!

Endi eringiz sizdan yanada qochadi. Chunki u tabiatan ovchi! To`g`ri, qo`rqadi, sizdan emas, «Voy, telefoningni xotining titib, siring ochilib qoldimi? Eplasang yur-da», deydigan ta`nalardan qo`rqadi. Va 100 foiz yolg`on gapirishni boshlaydi. «Adashib kelib qolgan «SMS» bu», deya aravani quruq olib qochadi. Raqibingiz telefon raqamini o`zgartirib, qulog`ini tinchitadi. Siz esa bosh og`rig`ingiz bilan o`zingizda xiyonatga qarshi kurashish uchun kuch topolmaysiz. «Buncha qo`rqitasiz?», deyapsizmi? Qo`rqitmoqchi emasmiz, tushuntirmoqchimiz, xolos.

 

Tushuning, hammasi bejis emas!

Telefondagi yozishmalar xiyonat emas, deb erlar xotinini, xotinlar o`zini aldamasligini istardik. Xiyonat faqat jismoniy yaqinlik bilan o`lchanmaydi. «Yaxshimiz?» «Yaxshi dam oldingizmi?» «Kuningiz xayrli o`tsin» kabi «yori»dan kuniga o`n marta hol so`rayotgan er ayolidan shu e`tiborni qizg`anayaptimi? Bundan bolalarining onasining ko`ngli og`riydimi? Demak, xiyonat. Faqat ilk bosqichlarida. Xo`sh, bunga nima etakladi? Erkaklardagi psixologik ehtiyojlar ularni xiyonat ko`chasiga olib kiradi.

  1. Yoringizga tinglashni o`rganing! Ha, ularga kundalik ishlari, muammolari, fikrlariniga shunchaki quloq tutishimiz kerak. Xotinlar, tan olaylik, biz erlarimizni eshitishni bilmaymiz! Muammosini gapirdimi, ayblaymiz, kamsitamiz va oxirida muammosidan chiqib ketish uchun buyrug`imizni beramiz. Bu — XATO! Uni, shunchaki, hamdardlik bilan eshitishni o`rganing. Shunda ovozini pastlab kim bilandir yarim kechasi telefonda gaplashmaydi.
  2. Qiziqishlariga e`tibor  bering! Ayniqsa, sohasiga. Oilamiz boshlig`i ishi haqida gap boshlasa, «Men temir-tersaklaringizni tushunmasam, undan ko`ra uyda kartoshka bormi, deb so`rang, dadasi», deb og`ziga uramiz. Bu esa erkak kishida «Men yaxshi sohada ishlamayman, jamiyatda o`z o`rnimni topolmaganman, xotinim ishimni qadrlamaydi, demak, meni ham yaxshi ko`rmaydi», degan fikrni uyg`otadi.
  3. Ishoning va ishontiring! Uni eshitishini bilmasak, gapirsa, teng gapirib javob qaytarsak, ishiga qiziqmasak, natijada o`ziga bo`lgan ishonchi pasayib ketadi. Ko`chada biror ayol arzimagan ishi uchun ham maqtab qo`ysa, o`zini favqulodda zo`r his qiladi. Qarabsizki, siz bilan yonma-yon o`tirib, o`zgasi bilan yozishadi.

Bu xulosalarga kelish uchun telefonni titkilab, erni qo`lga tushirish shartmas, ilk belgilarni sezish bilan harakatni boshlash kerak! Eringizga hammasini sezib yurganingizni esa bildirish shart emas! Qo`ygan har bir qadamidan xabardor ekaningizni aytib, tanobini tortib qo`yaman, deb o`ylasangiz, yanglishasiz. Yaxshisi...

 

Siz ham niqoblaning!

Agar tasodif sabab sir ochilib qolmaguncha, ya`ni nogahon telefonda gaplashayotgani eshitib qolmaguningizcha yoki telefonida nimadir ko`rayotganingizda «SMS» kelmaguncha, zimdan ish ko`ring. Agar taqdirning o`zi yashirilgan sandiqni ochsa, unda er-xotin ochiqchasiga gaplashib oling. Bunga sharoit va imkon bo`lsa, albatta. Faqat, nutqingizdan «Siz, siz», degan ayblovli gaplarni olib tashlab, «Men nima qilishim kerak?», «Mendan nega uzoqlashayapsiz?» kabi jumlalarni tilga oling. Shunda o`sha xiyonatkor bu suhbatga xotinning diydiyolari deb qaramaydi, ayblovlaringizdan battar o`z qobig`iga o`ralib olib, sizdan uzoqlashmaydi. «Rafiqam meni yaxshi ko`rarkan, oilamizni asrab qolmoqchi, kuchli ayol», deb o`ylaydi.

 

Alqissa, xulosa shuki...

Eringizning telefon bilan bog`liq harakatlari sizda shubha uyg`otsa (biz tirnoq ostidan kir qidiradigan, o`ta rashkchi, haqiqatda adashib kelgan xabarlar uchun xiyonat degan to`qimalarni tasavvur qiladigan ayollarning «gumon»larini nazarda tutmayapmiz), buni ogohlantiruvchi «signal» deb qabul qiling. O`zingizni, turmush o`rtog`ingizga munosabatingizni tahlil qiling. Eringizni sizdan uzoqlashtirayotgan vajlarni yo`qqa chiqaring. O`zingizga bo`lgan ishonchingiz shunday yuqori bo`lsinki, telefon kavlash kabi mayda ishlarga vaqt va asabni sarflamang. Turmush o`rtog`ingiz  intiladigan, doim qalbingizni zabt etishga harakat qiladigan ayol bo`ling. Unutmang, erkaklarga o`zini qadrlaydigan, sevadigan, bahosi tengsiz ayollar yoqadi.

MUXLISA

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1