AsosiyJamiyat

Prezident Navoiyga tashrifini boshladi

Davlat rahbari dastlab kimyo sohasidagi qo‘shma korxona faoliyati bilan tanishdi

'Prezident Navoiyga tashrifini boshladi'ning rasmi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 oktyabr kuni Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi.

Bu hudud rivojlangan industriyasi bilan mamlakatimiz iqtisodiyotida katta o‘rin tutadi. Iqtisodiy va investitsiyaviy imkoniyatlar tufayli so‘nggi yillarda yangi korxonalar ko‘payib bormoqda.

Davlatimiz rahbari Navoiy shahridagi “Uzbekistan hydrogen peroxide” qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Viloyatdagi korxonalarga vodorod peroksidi doim zarur. Umuman, yurtimiz sanoat tarmoqlarida bu kimyoviy birikmaga yillik talab o‘rtacha 15 ming tonnadan ziyod. Joriy yilda o‘z faoliyatini boshlagan “Uzbekistan hydrogen peroxide” qo‘shma korxonasida shunday talabgir mahsulot ishlab chiqariladi.

Qiymati qariyb 30 million dollar bo‘lgan loyiha doirasida zavod qurilib, Xitoy, Hindiston, Turkiya, Germaniya, Italiya va Shvetsiyadan zamonaviy uskunalar keltirilib o‘rnatildi. 80 ga yaqin kishi ish bilan ta’minlandi. Korxona yiliga 30 ming tonna vodorod peroksidi ishlab chiqarish quvvatiga ega. 

Bu birikmadan kimyo, metallurgiya, elektr texnikasi, farmatsevtika, to‘qimachilik, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi kabi o‘nga yaqin tarmoqda foydalaniladi. Jumladan, qog‘oz, maishiy va kimyoviy vositalar ishlab chiqarish, uran va kobalt mahsulotlari qazib olishda faol qo‘llaniladi. Qadoqlarni tozalovchi, sun’iy va sintetik tolalarni oqartiruvchi vosita sifatida ishlatiladi.

Asosiysi, iqtisodiy samaradorlik yuqori. Bu yerda tabiiy gaz chuqur qayta ishlanib, bozorbop mahsulotga aylantiriladi. Misol uchun, 60 foizli vodorod peroksidi tibbiyotda uch barobar, maishiy kimyo vositalarida ikki barobar qo‘shilgan qiymat yaratadi.

Korxona laboratoriyasiga ham eng so‘nggi rusumdagi jihozlar o‘rnatilgan. Unda har soatda tahlil o‘tkaziladi. Bu mahsulot sifatini doimiy nazorat qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Davlatimiz rahbari korxonadagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi, mutaxassislar bilan suhbatlashdi.

- Har bir loyihadan maqsad - yuqori daromad, qo‘shilgan qiymat. Bu korxona shu jihatdan ma’qul. Endi ishlab chiqarish barqarorligi, xaridorlar ishonchi uchun buni kafolatlangan xomashyo bilan ta’minlash kerak. Mahalliylashtirish dasturi asosida qulay shartlarda kredit ajratish ham mumkin, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga bu korxona misolida shunday loyihalarni ko‘paytirish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Vodorod peroksidi shu paytgacha O‘zbekistonga katta xarajatlar bilan faqat chet eldan olib kelinar edi. Endi esa mahalliy mahsulot ichki ehtiyojni to‘liq qoplab, import o‘rnini to‘ldiradi. Shu bilan birga, yaqin minataqada bunday korxona yo‘q. Shu bois mahsulot MDH va Yevropa mamlakatlariga ham yetkazib berilmoqda. Qisqa vaqtda qariyb 1,5 million dollarlik eksport qilingan. Korxonaning yillik eksport salohiyati 10 million dollar.

Bu suyuq kimyoviy mahsulotlarni saqlash va yetkazib berish uchun shu yerning o‘zida plastik quyma idishlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Korxonani muqobil energiya bilan ta’minlash maqsadida quvvati 27 kilovatt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan.

Yana bir e’tiborli jihati, ilgari mamlakatimiz kimyo sohasida xususiy sektor bo‘lmagan. Bu korxona so‘nggi yillarda sohaga kirib kelgan tadbirkorlik subyektlaridan biri.

Shu yerda korxona faoliyatini yanada kengaytirishga qaratilgan loyihalar haqida ham ma’lumot berildi.
Xususan, Turkiyaning “Orbak Metal Industry” kompaniyasi bilan gidrogen peroksidi ishlab chiqarish quvvatini 45 ming tonnaga oshirish, shuningdek, tutash hududda oziq-ovqat sanoati loyihasini tashkil etish rejalashtirilgan.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar