Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan Prezident Administratsiyasi hamda Xalq qabulxonasi boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi vakillari eng chekka, ijtimoiy-iqtisodiy holati og‘ir hududlarda kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash hamda joylarda qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
Hozirda ishchi guruh Toshkent viloyatining Bekobod shahri, Bekobod, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on, Quyichirchiq hamda Yuqorichirchiq tumanlaridagi 246 ta mahallada keng ko‘lamdagi ishlarni amalga oshirmoqda.
Jumladan, ishsizlikni qisqartirish maqsadida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 2,3 mingdan ziyod ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlandi. Ulardan 1, 7 ming nafari bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirildi, 500 dan ziyodi kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi, 86 nafariga esa o‘z tadbirkorligini boshlash uchun cubsidiyalar ajratildi.
Respublika hududlarida amalga oshirilgan ilg‘or tajribalar asosida oilaviy va yakka tartibdagi tadbirkorlikni rivojlashtirish maqsadida ishchi guruh vakillari “mahalla yettiligi” hamda bank mas’ullari bilan hamkorlikda 198 nafar fuqaroga jami 4,5 mlrd. so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilishini ta’minladi. Natijada 800ga yaqin qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Bundan tashqari, Respublika ishchi guruhi, Xalq qabulxonasi hamda sektor rahbarlari ko‘magida joylarda sanoat, savdo, xizmat va zamonaviy agrotexnologiyalar sohasida yosh tadbirkorlar tomonidan 11 ta “drayver” loyihalar ishga tushirilib, jami 350 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida ishchi guruh vakillari tomonidan mahallabay, xonadonbay o‘rganishlar bilan bir qatorda Prezident virtual va Xalq qabulxonasi tizimiga kelib tushgan 857 ta murojaat ham atroflicha ko‘rib chiqildi. Ularning 127 tasiga mas’ul idora va tashkilotlar tomonidan bevosita joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qolgan qismi ijro uchun nazoratga olingan.
Aholidan kelib tushgan murojaatlar va o‘rganishlar natijasida Oqqo‘rg‘on tumanidagi 83 ta ijtimoiy soha obyektlari, 45 ta ko‘p qavatli uylardagi kamchiliklar bartaraf etildi. Xonadonlarning elektr ta’minoti yaxshilash uchun 45 dona yangi beton ustunlar o‘rnatilib, 2 km.ga yaqin zamonaviy SIP kabellari tortildi.
Bo‘ka tumanida esa ichki ko‘chalarga 70 ta tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi, 10 km ichki yo‘llar ta’mirlandi, elektr ta’minotini yaxshilash uchun 87 ta yangi beton ustunlari o‘rnatildi.
Bekobod shahri va Bekobod tumanida 17 ta ijtimoiy soha obyekti, 26 ta ko‘p qavatli uylarning muammolari bartaraf etildi. Jumladan, tom, fasad, yerto‘lasi, kirish yo‘laklari hamda yoritish chiroqlari to‘liq ta’mirlandi. Bundan tashqari, hududda 23 ta TP kapital ta’mirlandi, 57 ta simyog‘och almashtirildi, 6,5 km uzunlikda SIP kabellar tortildi, 2 km.ga yaqin yangi ichimlik suvi tarmog‘i mukammal ta’mirlandi.
Yuqorichirchiq tumanida “Chirchiq”, “Mirobod” va “Yoshlik” mahallalaridagi ko‘p qavatli uylarning tom qismlari joriy ta’mirlandi hamda kirish yo‘laklaridagi chiroqlari almashtirildi. “Nurli yo‘l” va “Qursoy” mahallalaridagi transformatorlar ta’mirlandi.
Quyichirchiq tumani “Ko‘ksaroy” mahallasida toza ichimlik suvi tarmog‘i qurish ishlari boshlandi. Ushbu mahalladagi xonadonlarga 31 ta gaz bosimini sozlagich o‘rnatildi. “Jumagul” mahallasidagi ichimlik suvi tarmoqlari ta’mirlandi. Buning natijasida 14 ta xonadonlarga toza ichimlik suvi yetkazildi. “Bog‘iston” mahallasidagi 4,5 km havo tarmog‘i ta’mirlandi. Buning natijasida 285 nafar xonadonlarga elektr energiya yetkazilishi yaxshilandi.
Respublika ishchi guruhining Toshkent viloyatidagi faoliyati davom etmoqda.