1

«Kelinimni o`gaylikda ayblab, xato qildim…»

Mutolaa 05.12.2016, 11:25
Teglar: Xikoya
«Kelinimni o`gaylikda ayblab, xato qildim…»

«Huzuringizga kelishimdan maqsad dardimni dasturxon qilish emas, — deb gap boshladi tahririyatimizga kelgan onaxon. — Qilgan xatolarim boshqalarga saboq bo`lishini xohladim. Menga o`xshab keyin attang deb qolishmasin. Taqdirimdan aslo nolimayman, oyning yorug` tomonini ham, qorong`i jihatini ham ko`rish menga nasib etdi…»

 

Hunarmandlar oilasida dunyoga kelganim uchun  bolaligimizdan hunar o`rganishga harakat qilganmiz. Turmushga chiqayotganimda mahallada dong`i ketgan chevarga aylangandim. Yangi oilamdagilar hunarli kelinlari borligidan xursand bo`lishardi, qaynsingillarim, qaynonamga ko`ylak tikib berishdan charchamasdim. Turmush o`rtog`im harbiy edi. Ketma-ket o`g`il-qizli bo`ldik. Bolalar maktabga chiqishni boshlagan bir davrda erim avtohalokatga uchrab vafot etdi. Tushkunlikka tushib qolganimda, farzandining dog`ida kuyayotgan qaynonam menga dalda bo`ldi. Yaxshiyam, qo`limda hunarim bor ekan, farzandlarimni qaynona-qaynotam, ota-onam yordamlari bilan oyoqqa turg`azib oldim. Qizimni o`n to`qqiz yoshga kirishi bilan uzatib yubordik. Baxtimga farzandli bo`lib, oilasi bilan tinch-totuv yashab yuribdi.

O`g`lim otasiga o`xshab oliy ma`lumotli bo`lishini juda istardim, bilim olishiga sharoit yaratish uchun kechalari bilan mijozlarimning kiyimlarini tikardim. Umidlarim ruyobga chiqib, o`g`lim institutni a`lo baholarga tamomlab, o`sha erning o`zida dars beradi deb, ish bilan ta`minlashdi.

Qaynonamning uzoqroq qarindoshlaridan birining qizi odobli, ko`hlikkina bo`lib voyaga etgan edi. U ham menga o`xshab chevar edi. O`g`limga bu haqda aytganimda rad javobini bermadi. O`sha kunning o`zidayoq ularnikiga sovchilikka bordim. Taqdirining qo`shilgani rost ekanmi, to`y ham tezlashib ketdi. Uyimga kelin emas, farishta kirib kelgandek edi, go`yo. Rahmatli kelinim xuddi hayolimdagilarni o`qigandek, hamma narsani men istagandek bajarardi. Mehribonligi, tilining shirinligi o`g`limni befarq qoldirmadi. Ikkovining bir-biriga zimdan imlashini ko`rib, shunday quvonardimki, asti qo`yaverasiz. Kelinim menga o`z qizimdan ham yaqinroq insonga, dardkashimga, mehribonimga aylangandi.

Shiringina qizchaning buvijonisi bo`lganimda, quvonchim ichimga sig`masdi. Rizqli-nasibali bo`lsin deb, Nasiba deb ism qo`ydik. Uyimizning kichik farishtasiga aylangan Nasibani eru ko`kka ishonmay, papalab katta qildik. Nabiram hayotimning shamchirog`iga aylandi. Kelinim ba`zida «Uni qilma, buni qilma» deb bolasini tergasa, urishsa jahlim chiqib ketardi. Nasiba uch yoshdan oshganida kelinim ikkinchi farzandiga homilador bo`ldi. Tug`ishiga oz qolganida kelinimning tobi birdan qochdi, davolatishga harakat qildik. Oy kuni kelib, shifoxonaga borganimizda, shifokorlar bolani kesercha kesish yo`li bilan tug`dirishni tavsiya qilishdi. Kelinim qaysarlik qilib, o`zim tug`aman dedi. Yarim soat o`tib o`g`il nabirali bo`lganimni, kelinimdan esa ayrilib qolganimni bildim. Turgan joyimda hushimdan ketibman…

Nasiba onasi yonida emasligidan juda qaysar qizga aylangandi. Chaqaloq esa tinmay yig`lardi. Kelinimni erga qo`yganimizga uch oy bo`lganida ikki bolaga qarash menga og`irlik qilayotganini sezgan o`g`lim, sizga yordamchi ayol olib kelaman, dedi. Men esa enaga olib kelganingdan ko`ra, bir oqila ayolga uylana qolsang-chi, dedim. O`g`lim anchagacha ikkilanib yurdi. Qaynona-qaynotasi rozilik berganidan so`ng qiz qidira boshladim. Bir yil turmush qurib, eri vafot etgan bir juvonni topdik. Ota-onasi ziyoli, qizning o`zi ham oydekkina ekan. O`g`limga ham ma`qul kelganidan keyin kichikroq davrada to`y qildik.

Yangi kelinimga bolalarni ko`p ham ishonmasdim. U esa bolalarni yaxshi ko`rar, ularni men olib yotsam maylimi, deb so`rardi. Kichik nabiram uni o`z onasi deb bildi. Nasibam esa ko`nikishga biroz qiynaldiyu, keyinroq «Oyijonim» deb bo`yniga osilib, o`rganib ketdi.

Yangi kelinim bir yildan so`ng homilador bo`ldi, o`g`lim bundan bir xursand, bir xavotirga tushar, xotinini avaylashga harakat qilardi. Bu vaqtga kelib bolalar ham katta bo`lib, sho`xliklari ko`paydi. Kelinim ish qilayotganida Nasibani oldiga chaqirib, unga kichik yumushlarni bajartirardi. Bundan mening jahlim chiqib, o`zingizning ishingizni unga qildiryapsizmi deb koyirdim. Nazarimda, kelinim bolalarni turtkilaydigandek edi.

Kunlarning birida Nasibani kelinim oldiga chaqirib, koyib ketdi. Baqir-chaqirni eshitib, yugurib bordim. Kelinim qo`lida qandaydir qiytimlarni ko`tarib olgandi. Nabiram otasining bo`yinbog`i va ukasining shimidan qo`g`irchog`iga ko`ylak tikaman deb qaychilagan ekan.

— Shu mayda-chuyda narsalarga bolamni urishyapsizmi? O`gay deb nuqul chiqishtirmaysiz. Qanchadan beri bu qiliqlaringizga chidayapman, bundan keyin o`gaylik qilishingizga yo`l qo`ymayman. Keting uyimdan! — deb homilador kelinimni haydab soldim.

 Bu ishimga o`g`lim indamadi, lekin xotini va bolalarini o`ylab siqilayotgani sezilib turardi. Bir hafta jahl bilan yurdim. Endi o`ylab qarasam, nabiralarimning onasi deb olib kelganimdan keyin unga bolalarning tarbiyasini ham ishonib topshirishim kerak ekan… Ona bo`lganidan keyin koyiydi ham, erkalaydi ham. Bolalarga biror marta qo`l ko`tarmagan bo`lsa… Bekordan-bekorga bolalarga zug`um o`tkazmayapti-ku. Birovning bolasini “bolam” deb qabul qilish oson emas, mening kelinim bag`rikeng, mehridaryo ayol ekanki, nabiralarimni suyib, erkaladi. Kasal bo`lsa boshida parvona bo`ldi. Men esa kap-katta ayol bo`lib bu narsalarni vaqtida tushunmadim, uni o`gaylikda aybladim…

Katta nabiram «Ikkinchi oyijonim ham bizni tashlab ketib qoldilar. Buvijon, biz ukam bilan yomon bolalarmizmi?» deganidan keyingina ko`zim ochildi. Kelinimdan sizning gazetangiz orqali kechirim so`ramoqchiman. Uni albatta uyga qaytarishga harakat qilaman…

Orzu yozib oldi

Sharhlar

Yigirma yil kutilgan baxt

16.01.2017, 14:47

— Turmush qurganimizga yigirma yil bo`ldi, — dedi tahririyatga qo`ng`iroq qilib o`zini Dinora opa deb tanishtirgan muxlisamiz. — Turmush o`rtog`im ikkimiz institutda o`qib, sevishib, ota-onamizning...
Kelin qul deganimi?

13.01.2017, 15:24

Shahlo qaynonasining qadam tovushlaridan uyg`onib ketdi. Endigina ko`zi ilingandi-ya. Qizini uxlatish qiyin, yoshiga to`lmay sun`iy ovqatga o`rgatgani uchun bir dardi ikki bo`lgan. Shahloning o`zi belida...
«Sevganim chiroyli…»

12.01.2017, 16:28

Turmush o`rtog`ing chiroyli bo`lsa ham qiyin ekan. Atrofdagi ayollar undan ko`z uzmay turishiga chidash osonmi? Bunday vaziyatda rashk qilish, ko`z yosh to`kish, ketaman deb qo`rqitish...
«Dadam va onamni yarashtirganim…»

11.01.2017, 11:26

Makr ishlatish ayollarga xos, deyishadi. Ammo yosh bo`lishimga qaramay, men ham makrdan foydalandim. Buni yomonlikka yo`ymang. Oilamizni saqlab qolish uchun qildim buni… Bir boshidan aytib...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1