AsosiyJamiyat

“MAFTUNKOR YuRT, OBOD ShAHAR, MEHRIBON ODAMLAR...”

Men O`zbekistonga ana shunday qisqacha ta`rif bergan bo`lardim

Men O`zbekiston haqida juda ko`p eshitganman, o`qiganman. Ushbu mamlakatning tarixi, madaniyati, urf-odatlariga juda qiziqaman. Shu bois O`zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan o`tkaziladigan madaniy tadbirlarda ko`p bor ishtirok etganman. Rahbarligim ostimda nashr qilinadigan “OIC Today” jurnalida O`zbekiston haqida ko`plab maqolalar chop etilgan. 

Rahmatli otam Dato Raja Muhammad Abdulloh bu maftunkor o`lkaga bir  marotaba tashrif buyurgan, biz – farzandlarga o`zbek xalqining mehmondo`stligi, ochiqko`ngilligi, bag`rikengligi, bu yurtning qadim va betakror shaharlari haqida gapirib berishdan charchamasdilar.

Joriy yil 4 dekabr kuni o`tkazilgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xorijlik jurnalist sifatida ishtirok etish baxtiga musharraf bo`ldim. Avvalo Toshkent xalqaro aeroportiga tushishim bilan o`zgacha bir iliqlik, musaffolikni his qildim. Toshkentning keng ravon, gavjum ko`chalaridan ketib borarkanmiz, bu o`lka men tasavvur qilganimdan ham obod, chiroyli, farovon ekaniga amin bo`ldim. 

Bugun dunyoning turli nuqtalarida hatto kuppa-kunduzi ham ko`chalarda emin-erkin sayr qilish amrimahol. Men esa, O`zbekiston poytaxtida yarim tunda ham bexavotir sayr qilish mumkinligidan hayratga tushdim. 

Ko`pgina mamlakatlarda saylov deganda nomzodlarning bir-biriga nisbatan kuchli adovatlari, ta`nayu malomatlari, tarafdorlar o`rtasidagi kelishmoqchiliklar, mushtlashuvlar yuz berishini hech kim inkor etmaydi. Ayrim davlatlarda bunday yirik jarayon arafasida nomzodlar, davlat ma`murlari hayotiga suiqad uyushtirilganini ham tarixdan yaxshi bilamiz.

Men O`zbekistondagi saylovoldi jarayonlari bilan tanishar ekanman, hamma narsa ochiq, oshkora va shaffof ekaniga yana bir karra amin bo`ldim. Ko`p davlatlar saylovni yopiq tarzda, chet  nigohlardan yashirincha o`tkazishga harakat qiladi. O`zbekistonda esa, aksincha, ovoz berishdan boshqa hamma narsa ochiq va oshkora ekan. Saylovni yoritish uchun dunyoning o`nlab mamlakatlaridan yuzlab xalqaro kuzatuvchilar, jurnalistlar kelishgan. 

Saylovdan bir kun avval va saylov kuni Toshkent shahridagi bir qator saylov uchastkalarini borib ko`rdim. Uchastka saylov komissiyasi a`zolari va saylovchilar bilan suhbatlashdim. Hamma o`z zimmasidagi mas`uliyatni chuqur his etmoqda. Birinchi bor saylovda ishtirok etayotgan, 18 yoshga to`lgan saylovchilarga esdalik sovg`alari berilishini boshqa biror mamlakatda uchratmaganman.

Adolatlilik tamoyiliga asoslangan ushbu saylov jarayoniga tayyorgarlik ko`rish va nomzodlarning saylovoldi dasturlarini aholiga tezkor va sifatli etkazish uchun tashkil etilgan Press-club: Elections-2016 matbuot klubida yaratilgan sharoit meni quvontirdi. Bu erda jurnalistlarning muhim jarayonga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha ekspertlarning fikrini tezkorlik bilan olib, aholiga OAV orqali etkazishga urinishini yuqori baholayman. 

Bundan avval ham bir qator  mamlakatlarida o`tkazilgan saylov jarayonlarida ham ishtirok etganman. Jurnalistlarga nisbatan bunday erkinliklar, shart-sharoitlarga tan bermay iloj yo`q. 

O`zbekistonda mening Vatanim – Malayziyaga bo`lgan e`tibor, samimiylik ham o`zbek xalqiga bo`lgan muhabbatimni yanada oshirdi. Ko`cha-kuyda yurganimizda mening malayziyalik ekanimni bilib, alohida izzat-hurmat ko`rsatishadi. Ko`pgina urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz, hatto tilimizdagi o`xshash so`zlarni ko`rib juda quvondim. 

Toshkent teleminorasining tungi tarovati, salobati ham meni o`ziga jalb qilmay qo`ymadi. Bu bejiz emas ekan. Mazkur inshootga kiraverishda eshik oldida turgan bir qator dunyoga mashhur minoralar orasida Malayziya bayrog` qadalgan  Kuala-Luapur teleminorasining maketi ham savlat to`kib turibdi. Minoraning naq “belbog`i”da turib,  butun Toshkentninng ko`rkam manzarasini tomosha qildim. Mazkur teleminora xalqaro miqyosda ham yuqori  e`tirofga sazovor bo`lgan, bundan bir necha yil avval Kuala-Lumpurda o`tkazilgan dunyodagi eng baland inshootlar anjumanida 20-o`ringa munosib ko`rilgan ekan.

Qur`oni karimning eng qadimiy nusxasi ham aynan O`zbekistonda, Toshkentdagi Hazrati imom majmuasida saqlanar ekan. Ma`lumotlarga ko`ra, bu muqaddas kitob milodiy ettinchi asrda Hazrati Usmon ib Affon (r.a.) ko`rsatmasiga asosan ko`chirilgan. Xulafoi roshidinning uchinchi xalifasi bo`lgan hazrati Usmon aynan ushbu kitobni mutolaa qilib turganlarida, g`animlar tarafidan o`ldirilgan. 

O`zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan Toshkentda bunyod etilgan “Minor” masjidini  ham islom olamining beqiyosm mo``jizalari dan biri deyish mumkin. O`zining mahobati, oppoq marmardan bino etilganligi bilan bu ulug`vor masjid Hindiston javohiri – Toj Mahal maqbarasini yodga soldi. Darvoqe, “Toj Mahal” ham iltizlari shu zaminga kelib taqaladigan Boburiylar tomonidan qurilgan-da!

Ma`lumki, Malayziyada eng qadimiy binolarning yoshi 150-200 yilni tashkil etadi. Bu o`lkada yoshi asrlar bilan o`lchanadigan tarixiy binolar juda ko`p ekan. Toshkentning eng qadimiy masknalardan biri – “Ming o`rik” yodgorligining yoshi 2200 yilni tashkil etarkan. Bu mamlakatning Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlarida bu kabi osori atiqalar, tarixiy binolar, masjid va madrasalar  juda ham ko`p ekan. Ammo, safarim juda qisqa bo`lgani bois, boshqa shaharlarga borishga ulgurolmadim. 

Toshkentni tark etarkanman, bu obod shaharga, bu go`zal yurtga, bu mehribon insonlar yoniga qayta-qayta kelishni dilimga tugib qo`ydim. 

Muhammad Raja Tolib,
“OIC Today” jurnali bosh muharriri

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar