AsosiyJamiyat

O`zbekistonda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tashkil etiladi

Avval xabar berganimizdek, O`zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni imzolandi.

Farmonda “O`zbekturizm” Milliy kompaniyasi tugatilishi va uning negizida O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tashkil etilishi belgilangan. 

Mazkur qo`mita turizm sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilanadi. 

O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi zimmasiga turizm turoperatorlik faoliyatini lisenziyalash, O`zbekiston Respublikasi sertifikatlashtirish bo`yicha milliy organi – “O`zstandart” agentligi bilan mustahkam o`zaro hamkorlikda turizm faoliyati sub`ektlari tomonidan ko`rsatiladigan turoperatorlik xizmatlari va mehmonxona xizmatlarini majburiy sertifikatlash, shu jumladan turli tashkiliy-huquqiy shakllardagi mehmonxonalarning tasnifini belgilash kiradi. 

Shuningdek, qo`mitaga sertifikatlanadigan turizm xizmatlarining normativ hujjatlarda belgilangan majburiy talablar va standartlarga muvofiqligi bo`yicha inspeksiya nazoratini amalga oshirish yuklanadi. 

O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasining o`z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, davlat hokimiyati va mahalliy boshqaruv organlari, mulkchilik shakllari va idoraviy bo`ysunishidan qat`i nazar, xo`jalik yurituvchi sub`ektlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi. 

Bir hafta muddatda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi faoliyatini tashkil etish to`g`risida qaror qabul qilishi yuklatildi.

Boshqa yangiliklar