1

«Seni tanlab adashdim, xotin…»

Mutolaa 07.12.2016, 14:52
Teglar: Xikoya
«Seni tanlab adashdim, xotin…»

Turmushning «to`rt mushti»ga chidaganlar ham, chidamaganlar ham bor. Axir «guruch kurmaksiz bo`lmaydi», deb bekorga aytishmagan-ku! Bugungi sahifamiz ishtirokchilari esa o`zini turmush o`rtoq tanlashda «kurmak»ka duch kelgan deb hisoblaydi. Xo`sh, ularning muammosi nimada? Keling, yaxshisi, xulosani o`zingiz bera qoling…

 

«MEN NOShUKRMANMI?»

Anvar, 32 yosh, Jizzax viloyati:

— Bu gaplarimni kimdir sabrsizlik, kimdir qanoatsizlik, der. Aslida men ham o`zim yoqtirgan ayol bilan turmush qurganman. Lekin ko`chada gaplashib yurgan dam bilan turmush boshqa-boshqa ekan. Men ayolim o`zim istagandek bo`lishini xohlayman: chaqqon, pazanda, doim o`ziga qaragan… Nazarimda, boshida shunaqadek edi. Ayniqsa, to`ydan oldin pardoz-andozlarni joyiga qo`yardi. Kelin bo`lgach, u bilan chiqisha olmay qolganmizda onam yonini olardi:

— Har bir kelin yangi uyga kelganida dovdiraydi. Bilmaganini o`rganadi. Qaynona keliniga o`z ro`zg`orini o`rgatmasa nima qilib yuribdi! Men ham o`rgataman. Xudo xohlasa, hammasi o`rniga tushib ketadi.

Boshida rostdan ham bizning yashash tarzimizni yaxshi bilmagani uchun uddalay olmayapti, deb o`yladim. Keyin homilador bo`ldi. Onam yana koyishimga yo`l bermadi:

— Hozir unga oson emas. Qarashish o`rniga tergayverma…

Yana indamadim. Lekin biror marta ko`nglimdagidek ovqat pishirgan emas. Hatto, uyimizga o`rgangan, bemalol bo`lgan davrida ham.

— Oyi, o`zingiz ovqat qiling, — derdim shuning uchun doim.

Manti qilsa — xamiri qalin, chuchvara tugsa — ezilib ketadi, qaynatma sho`rva pishirsa — no`xati pishmaydimi-ey… Xullas, qilgan ovqatida albatta birorta kamchilik bor.

Ishonasizmi, besh yil onamlar bilan ro`zg`orimiz bitta bo`ldi. Avvaliga singlim, uning to`yi o`tgach, onam qozonning yonidan jilmadi. Xotinim esa yaxshi ovqat pishirishni o`rganay, erimning ko`nglidan chiqay demadi. Mana endi bir yildirki, ro`zg`orimiz bo`lak. Uy qurib, ko`chib chiqdik. Shundan buyon biror marta mazali ovqat eganimni eslay olmayman. Har kuni mendan gap eshitadi. «Injiqsiz, noshukrsiz», deydi doim. Axir o`z-o`zidan gapirmasam kerak. Undan boshqa ayol bo`lganida olti yil ichida pazanda bo`lib ketishi kerak edi. Uning o`rniga men bilan janjallashgani-janjallashgan. Nima qilishga hayronman. Bora-bora uydan bezib ketayotgandekman…

Maslahat: — Bu muxlisga og`irroq bo`lishni maslahat bergan bo`lardim. Aslida oilaviy masalalarda har bir odam o`zi xulosa qilishi va to`g`ri yo`lni tanlay bilishi zarur. Oila bir qo`rg`on, har tomonlama uni himoya qilish, asrash erkakning vazifasi. Shunday ekan, ukamiz muammoni bosiqlik bilan hal qilishi lozim. Chunki u kishi ta`kidlagan vaziyat echimi yo`q, qiyin masala emas. U ayoliga o`zining istagini to`g`ri tushuntirishi kerak. Tushuntirish bilan tushuntirishning farqi bor. Baqir-chaqir qilib, urib-so`kkani bilan ayolini o`zgartira olmaydi. Uraversangiz, temir ham dag`allashadi-da. Shuning uchun turmush o`rtog`ingizni yoningizga o`tqazib, yaxshi kayfiyatda, vazminlik bilan gapirsangiz, uyaladi. Yaxshi bo`lishga intiladi. Bu — eng yaxshi yo`l.

 

«TILI ShIRIN, O`ZI ESA…»

Mahmudbek, 36 yosh, Navoiy viloyati:

— Ayolimni hamma maqtaydi. Muomalasi, o`zini tutishi rostdan ham havas qilgulik. Ota-onamning, qarindoshlarimning ko`ngliga yo`l topgan. Buning ustiga pazanda ham. Tili shirinligi uchun hamma bilan chiqishib ketaveradi. «Urishib qoldim» desam, onam meni koyiydi.

— Xotining yaxshi, hech kimning dilini og`ritmaydi, — deydi!

Lekin har to`kisda bir ayb, deganlaridek. Uning ham tuzalmas bir kamchiligi bor. Bu kamchilikni yo`qotish uchun hamma narsa qilib ko`rdim. Aytishga ham xijolat bo`laman. Aybi — ozodalikka rioya qilmaydi. Ishdan charchab kelaman — uyga bosh suqib bo`lmaydi. Bolalarning kiyimi, o`yinchoqlari sochilgan, ertalabki dasturxon shu holicha turgan, oyoq kiyimlar ayqashib yotgan bo`ladi. Kira solib asabim buzilganidan baqirib yuboraman:

— Qachon toza-ozoda bo`ladi bu uy? Kirgim ham kelmaydi!

— Boshqasini topib olgandirsiz-da, shuning uchun kirgingiz kelmaydi, — deya og`zimga «uradi» u.

Shu bilan indamay qolaman. Lekin sabr kosam to`lib boryapti. Kiyimlarimni yuvishni tayinlamasam, o`zi bilib yuvib qo`ymaydi. Yuvsayam, dazmollanmay turaveradi. Ba`zan o`zim dazmollab olaman. Ko`rpa-to`shakka-ku, qarab bo`lmaydi. Bilaman, janjal, baqir-chaqirdan foyda yo`q. Lekin hamma narsaning cheki-chegarasi bor-ku!

Maslahat:Agar bilsangiz, Xudo hamma insonni bir xil yaratmaydi. Hammamizda ham kamchilik bor. Bu ukamiz kabi kuygan erkaklarni hayotda ko`p uchratganman. Albatta, ularga qiyinligini his etganman. Chunki mehmonga borsak, ivirsigan uyga kirganimizda xijolat tortardi-da. Nazarimda, bu vaziyatda faqat ayol aybdor emas. Ozodalikni faqat ayol saqlaydi, degan qoidani qaerda ko`rgansiz? Buning uchun biz — erkaklar ham mas`ulmiz. Masalan, men ayolim uyda yo`q bo`lgan chog`ida uyni ozoda saqlashga harakat qilaman. Bu ayb emas. Ukamiz yosh bolali ekan, ayoli ulgurmayotgandir? Chunki bola-bola-da, bu yoqdan yig`ishtirsangiz, u yoqdan socha boshlaydi. Ukamiz noligandan ko`ra, o`zi ham ro`zg`orni ozoda saqlashga ko`maklashsa, olam guliston.

 

«JAG`I TINMASA, NETAY?»

Kamol, 29 yosh, Namangan viloyati:

— Uylanganimga ko`p bo`lgani yo`q. Uch yildan endi oshdi. To`ydan oldin o`rtoqlarim, tanish-bilishlar hazillashib, «Eh, bekor qilyapsan-da», deyishganda kulib qo`ygandim. Ishonasizmi, oxirgi paytda o`zim ham «uylanib bekor qildimmikan», deyapman. Sababi, boshim g`avg`odan chiqmaydi. Ayolim hech kim bilan chiqisholmaydi. Ayniqsa, qizchamiz yurib, tili chiqa boshlaganidan keyin janjal ham ko`paydi. Har kuni har xil kelishmovchilik. Bir kuni ovsini bilan bolaning o`rtasiga tushib urishadi. Boshqa kuni qo`shni bilan… Bu orada onam yoki otam ham quruq qolmaydi. Xullas, umuman tilini tiyolmaydi.

— Hamma urish-janjalsiz kun ko`ryapti-ku! Sen nega tinch o`tirolmaysan?

— Voy, bolamizni jerkib bersa jim qarab o`tiraymi?

— Bola bitta senda bormi? Bola degani urishadi-yarashadi…

— Kattalar ham urib-siltasa nima qilay?

— Kim? Ota-onammi? Yaxshi bo`lsin deyishadi. O`z-o`zidan urishmas…

— Siz ham ular tomon bo`ling. Hamma yaxshi, bitta men yomon! Kun yo`q menga bu erda! Doim kim yomon — men yomon!..

Shu bilan uning jag`i yopilmaydi. Uyda tinch kuning o`zi yo`q. Yuragim bezillab qoldi. Nima qilay?

Maslahat: Bu — jiddiy masala. Biroq muxlisning yutug`i — yosh oila ekanligida. Hali hammasini izga solsa bo`ladi. Ayol kishi hammaning, ayniqsa bolalarning oldida baqir-chaqir qilishi, eri bilan gap talashishi eng yomon illat. Chunki bola o`zlashtiradi, qush uyasida ko`rganini qiladi-da. Ukamiz aynan mana shuni ayoliga tushuntirishi lozim. Albatta, hammaning yonida emas. Alohida o`tirib, turmush o`rtog`iga bu qiliqlari qizchasiga qanday ta`sir qilishini, u ham shunga o`rgansa, ertaga kelajagi nima bo`lishini tushuntirsin. Hech bir ona, menimcha, bolasi yomon bo`lishni istamaydi. Ukamizning rafiqasi ham farzandini o`ylab, bu qilig`ini tashlaydi, degan umiddaman.

Nargiza Usanboeva     

Sharhlar

Yigirma yil kutilgan baxt

16.01.2017, 14:47

— Turmush qurganimizga yigirma yil bo`ldi, — dedi tahririyatga qo`ng`iroq qilib o`zini Dinora opa deb tanishtirgan muxlisamiz. — Turmush o`rtog`im ikkimiz institutda o`qib, sevishib, ota-onamizning...
Kelin qul deganimi?

13.01.2017, 15:24

Shahlo qaynonasining qadam tovushlaridan uyg`onib ketdi. Endigina ko`zi ilingandi-ya. Qizini uxlatish qiyin, yoshiga to`lmay sun`iy ovqatga o`rgatgani uchun bir dardi ikki bo`lgan. Shahloning o`zi belida...
«Sevganim chiroyli…»

12.01.2017, 16:28

Turmush o`rtog`ing chiroyli bo`lsa ham qiyin ekan. Atrofdagi ayollar undan ko`z uzmay turishiga chidash osonmi? Bunday vaziyatda rashk qilish, ko`z yosh to`kish, ketaman deb qo`rqitish...
«Dadam va onamni yarashtirganim…»

11.01.2017, 11:26

Makr ishlatish ayollarga xos, deyishadi. Ammo yosh bo`lishimga qaramay, men ham makrdan foydalandim. Buni yomonlikka yo`ymang. Oilamizni saqlab qolish uchun qildim buni… Bir boshidan aytib...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1