Bosh vazir Tel-Aviv sudida unga qarshi ochilgan mansabni suiiste’mol qilish, korrupsiya va firibgarlikka oid uchta ish bo‘yicha birinchi ko‘rsatmalarini berdi. Bu haqida zamon.uz xabar bermoqda.
Binyamin Netanyahu o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni “yovvoyi va kulgili”, sud jarayonining o‘zini esa “bema’nilik” deb atadi. Shuningdek, u “yetti frontda urush olib borib, mamlakatni boshqarayotganini” aytdi.
Sud majlislari xavfsizlik nuqtayi nazaridan Iyerusalimdan ko‘chirilgan yer osti sud zalida bo‘lib o‘tdi. Binoda Netanyahuning bir necha o‘nlab tarafdorlari va muxoliflari yig‘ildi. Muxolifat siyosatchi ustidan sudning adolatli ko‘rilishini talab qildi.
Navbatdagi yig‘ilish 11 dekabr, chorshanba kuni bo‘lib o‘tadi. Bosh vazir dekabr oyining oxirigacha haftasiga uch marta, kuniga olti soatdan guvohlik berishi kerak. Ishni ko‘rib chiqish bir necha yilga cho‘zilishi mumkin.