Germaniya Bosh prokuraturasi 2022 yilda Boltiq dengizidagi “Shimoliy oqim-1” va “Shimoliy oqim-2” gaz quvurlarida sodir bo‘lgan portlashlar yuzasidan Ukraina fuqarosi Sergiy K.ga rasman ayblov e’lon qildi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Germaniya qonunchiligiga muvofiq, ayblanuvchining familiyasi to‘liq oshkor etilmagan. Uning himoyachilari ayblov xulosasi topshirilganini tasdiqlagan, biroq hujjat mazmuniga izoh berishdan tiyilgan.
Nemis ommaviy axborot vositalari ma’lumotiga ko‘ra, Sergiy K. fuqarolik energetika infratuzilmasiga qarshi diversiya uyushtirish, portlash sodir etish hamda strategik ahamiyatga ega obyektlarni vayron qilishda ayblanmoqda.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u 2022 yil sentyabr oyida Daniyaning Bornxolm oroli yaqinida “Shimoliy oqim” gaz quvurlariga portlovchi qurilmalarni o‘rnatgan guruh harakatlarini muvofiqlashtirgan. Aytilishicha, guruh operatsiya davomida “Andromeda” nomli yelkanli yaxtadan foydalangan.
Tergovchilarning taxminiga ko‘ra, guruh tarkibida bir nafar koordinator, kapitan, to‘rt nafar chuqur suv g‘avvosi hamda portlovchi moddalar bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan. Prokuratura Sergiy K.ni ushbu operatsiyaning rahbari va asosiy koordinatori sifatida ko‘rmoqda.
Ayblanuvchi esa o‘ziga nisbatan bildirilgan ayblovlarni rad etib, “Shimoliy oqim” portlashlariga hech qanday aloqasi yo‘qligini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, “Shimoliy oqim-1” va “Shimoliy oqim-2” gaz quvurlaridagi portlashlar Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan bir necha oy o‘tib sodir bo‘lgan edi. Hodisa Rossiya gazini Yevropaga yetkazib berishning asosiy yo‘nalishlaridan birini ishdan chiqarib, ayniqsa Germaniyada energetika inqirozining kuchayishiga sabab bo‘lgan.
Tergov materiallariga ko‘ra, Sergiy K. hodisa sodir bo‘lgan vaqtda Ukraina maxsus kuchlari ofitseri bo‘lgan. U o‘tgan yil avgust oyida Italiyada qo‘lga olingan, shu yil noyabr oyida esa Germaniyaga ekstraditsiya qilingan.






