Erkin Madorbekovich Muhitdinov Ekologiya vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Bu shuni anglatadiki, shu paytgacha O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori sifatida ishlab kelgan Nizomiddin Jalilovich Bakirov lavozimidan ozod etilgan, biroq uning na ishdan ketgani, na buning sababi va na boshqa biror ishga o‘tgani xabar qilinmadi.
Agentlik direktori sifatida ish boshlayotgan Erkin Muhitdinovga to‘xtaladigan bo‘lsak, u o‘tgan yilning dekabrida Ekologiya vazirligida O‘rmon, bioxilma-xillik va ekoturizm siyosatini yuritish departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlangan edi. Bungacha u 2023 yilning avgust oyidan 2024 yilning 20 mayiga qadar Ohangaron tumanini boshqargan, 2024 yilning may oyida Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan.
Ma’lumot uchun, Erkin Muhitdinov 1976 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan. 1997 yilda Andijon iqtisod boshqaruv instituti (bakalavr), 2000 yilda Bank-moliya akademiyasi (magistratura), 2007 yilda esa Yaponiyadagi Rivojlanayotgan iqtisodiyotlar instituti Oliy maktabini tamomlagan. Erkin Muhitdinov iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori hisoblanadi. U “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Erkin Muhitdinov Tashqi iqtisodiy aloqalar milliy banki, “Turonbank” ATB, Markaziy bank, Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Prezidenti devonining Ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni muvofiqlashtirish xizmatining bandlik va aholi turmush darajasi masalalari sektori, Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida ishlagan.