AQSH Jekson-Venikning O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga nisbatan tuzatishini bekor qilish masalasini ko‘rib chiqishi mumkin. Bu haqda AQSH davlat kotibi lavozimiga nomzod Marko Rubio 15 yanvar kuni Kapitoliy tepaligida Senatdagi eshituvlar chog‘ida ma’lum qildi.
Boshqa senator Stiv Deynsning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston ushbu tuzatishni bekor qilish to‘g‘risida bir necha bor murojaat qilgan. U ushbu mamlakatlarga doimiy normal savdo rejimini taqdim etish zarurligini ta’kidladi, bu esa mintaqalarga yangi vositalardan foydalangan holda rivojlanish imkonini beradi.
Bunga javoban Marko Rubio Jekson-Venik tuzatishini "o‘tmish sarqiti" deb atadi va bu mexanizmdan Markaziy Osiyo davlatlariga bosim o‘tkazish uchun foydalanish o‘zini oqlamasligini aytdi.
Marko Rubioning qo‘shimcha qilishicha, tuzatishni faqat qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritish orqali bekor qilish mumkin va bu yo‘nalishda boshqa senatorlar bilan birgalikda ishlashga umid bildirdi.
Stiv Deyns, o‘z navbatida, Markaziy Osiyoni katta salohiyatga ega mintaqa, unga ko‘proq e’tibor qaratish kerakligini ta’kidladi. U AQSH qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqib ketilgandan so‘ng mintaqaning strategik ahamiyatini qayd etib, Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH ishtirokida C5+1 formatidagi sammit o‘tkazilishiga umid bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 1974 yilda qabul qilingan Jekson-Venik tuzatishi inson huquqlarini buzuvchi davlatlar bilan savdo aloqalarini cheklagan edi. U ushbu chora-tadbirlarning tashabbuskorlari bo‘lgan kongressmenlar Genri Jekson va Charlz Venik sharafiga nomlangan.