Turkiyaning Antalya viloyatidagi Alaniya shahrida qurilish bo‘layotgan mehmonxona binosida yong‘in chiqdi. Alanga boshlanganidan ikki soat o‘tib to‘liq o‘chirilgan. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Hudud gubernatori Fotih Urkmezerning bildirishicha, hodisa joyida bo‘lgan barcha ishchilar xavfsiz tarzda qutqarilgan. Yong‘in 12 qavatli, ikki blokdan iborat binoda yuzaga kelgan. Bungacha mazkur bino mehmonxona va rezidensiya sifatida ishlatilgan, ammo ayni vaqtda rekonstruksiya qilinayotgan bo‘lgan.
“Halok bo‘lganlar yo‘q, 4 kishi qutqarildi. Uch kishi tutun sababli zarar ko‘rgan. Ularning ahvoli qoniqarli deb baholanmoqda. Atrofdagi binolarga xavf tug‘ilmadi. U yerdagi odamlarni evakuatsiya qilishga zarurat bo‘lmadi”, dedi gubernator.
Ma’lum bo‘lishicha, birinchi bo‘lib mahalliy aholi yordamga kelib, yong‘inni o‘chirishga uringan. Voqea joyiga yong‘in o‘chirish bo‘linmalari tezkorlik bilan yetib borgan va ikki soat ichida yong‘inni qurshab olib, to‘liq o‘chirgan. Yuqori qavatlarda qolgan odamlarni qutqarish uchun ko‘tarma kran ishlatilgan. Yong‘in sabablari aniqlanmoqda.