Bugun Koreya Respublikasining janubi-sharqdagi Pusan shahridagi xalqaro aeroportda yo‘lovchi samolyoti yonib ketdi, 3 kishi evakuatsiya qilinayotganda jarohat oldi.
O‘t o‘chiruvchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, Seuldan 320 kilometr janubi-sharqda joylashgan Pusan shahridagi Kimhe xalqaro aeroportidan Gonkongga yo‘l olgan AirBusan samolyoti soat 22:26 da havoga ko‘tarilishidan oldin dum qismi yonib ketgan. Ularning qo‘shimcha qilishicha, bortdagi barcha 169 yo‘lovchi va 7 nafar ekipaj a’zosi havo puflanadigan slaydda evakuatsiya qilingan.
O‘t o‘chiruvchilar voqea joyiga soat 22:34 da yetib kelishgan.
Avvaliga jabrlanganlar haqida xabar berilmagan bo‘lsa-da, keyinroq o‘t o‘chirish idoralari evakuatsiya paytida 3 kishi hayot uchun xavfli bo‘lmagan jarohatlar olganini ma’lum qildi.
Yong‘in samolyotning dum qismidan boshlangan va samolyotning fyuzelyaj qismiga o‘tgani taxmin qilinmoqda.
“Biz 176 kishining hammasi evakuatsiya qilinganiga ishonamiz, ammo har ehtimolga qarshi havo kemasi ichida qolgan odamlarni qidiryapmiz”, — deya qo‘shimcha qilgan rasmiy.
Abdulloh Sayyid