Yevropa Ittifoqi rasmiylari a’zo davlatlar Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha potensial kelishuvning bir qismi sifatida Rossiya gazi olishni qayta boshlashlari kerak, deya xabar bergan Financial Times nashri.
G‘oya tarafdorlarining ta’kidlashicha, Rossiya gazini sotib olish Yevropadagi yuqori energiya narxlarini tushirishga yordam beradi, Moskvani muzokaralar stoliga o‘tirishga chaqiradi va ikki tomonni o‘t ochishni to‘xtatish rejimini o‘rnatish va saqlashga undaydi. Biroq, bu boradagi dastlabki muzokaralar ham Ukrainaning Yevropa Ittifoqidagi eng yaqin tarafdorlarining noroziligiga sabab bo‘ldi, deb yozadi Financial Times.
Muzokaralar jarayoni bilan tanish bo‘lgan uch rasmiyning gazetaga aytishicha, bu g‘oya Vengriya va Germaniya rasmiylari, shuningdek, boshqa bir qator Yevropa Ittifoqi rasmiylari – bu chorani energiya xarajatlarini kamaytirish yo‘li deb hisoblaydigan mamlakatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
Shu bilan birga, mazkur taklif Bryussel va bir qancha Sharqiy Yevropa davlatlarining yetakchilarini g‘azablantirdi. Ularning aksariyati Ukrainaga keng miqyosli bosqin boshlanganidan beri Yevropa Ittifoqining Rossiya energetikasiga qaramligini kamaytirishga harakat qilib kelishadi.
Abdulloh Sayyid