Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy urushni tugatish bo‘yicha shoshilinch va o‘ylanmagan qarorlar qabul qilinishi mamlakatni Afg‘onistondagiga o‘xshash vaziyatga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Uning ta’kidlashicha, o‘t ochishni to‘xtatishning o‘zi yetarli emas va Ukraina hech qachon o‘z hududining bir qismidan voz kechmaydi.
Zelenskiyning bu bayonoti AQSH va Rossiya o‘rtasida Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan muzokaralar fonida yangradi. Ushbu muzokaralarda Ukraina va Yevropa davlatlari ishtirok etmayapti, bu esa Kiyev va Yevropa poytaxtlarida norozilikka sabab bo‘ldi. Zelenskiy Ukraina ishtirokisiz o‘tkazilgan har qanday kelishuvni qabul qilmasligini ma’lum qildi.
Shuningdek, Ukraina prezidenti AQSHning Rossiya bilan muzokaralardagi pozitsiyasini tanqid qilib, ularning Putinga nisbatan "juda yoqimli" so‘zlar ishlatishayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, bu harakatlar tezkor muvaffaqiyatga erishish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, agar Ukraina Yevropa Ittifoqi va NATOga qabul qilinsa, Rossiya qo‘shinlari mamlakatdan olib chiqib ketilsa va Kiyevga xavfsizlik kafolatlari berilsa, muzokaralarga ehtiyoj qolmaydi. U bu shartlar bajarilmaguncha, o‘z vatani himoyasini davom ettirishini bildirdi.
Ayni paytda, Zelenskiy AQSHning Rossiya va Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogni Donetskdagi front chizig‘iga taklif qildi. Bu tashrif orqali u Vashingtonga Ukrainadagi urushning haqiqiy holatini ko‘rsatishni maqsad qilgan.
Yevropa davlatlari ham muzokaralarda ishtirok etmasliklaridan norozilik bildirishmoqda. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yevropa yetakchilarining Parijda favqulodda uchrashuvini chaqirib, muzokaralarda Yevropa manfaatlarini himoya qilish zarurligini ta’kidladi.
Shu tariqa Ukraina va Yevropa davlatlari urushni tugatish bo‘yicha har qanday kelishuvda o‘z ishtiroklarini ta’minlashga intilishmoqda, aks holda ular bunday kelishuvlarni tan olmasliklarini bildirishmoqda.
Abdulloh Sayyid