O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati mazkur oila farzandlarining akademik natijalariga qanday ta’sir qilishi o‘rganilgan.
Ta’lim va uning sifati iqtisodiy rivojlanish bilan chambarchas bog‘liq. Inson kapitali nazariyasiga muvofiq, bilim, qobiliyat va ta’lim darajasi inson kapitalidagi muhim omillar bo‘lib, o‘z navbatida iqtisodiy rivojlanishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi (Becker 1964, Gennaioli v.b. 2012). Tadqiqotchilar iqtisodiy rivojlanishda ta’lim olish uchun sarflangan yillar emas, balki ta’limning sifati muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlaydi (Angrist v.b 2021). Bu esa o‘z navbatida, ta’lim sifatidagi tafovutlarni kamaytirish orqali uzoq muddatli rivojlanishga erishish mumkinligini ko‘rsatadi (Piao 2024).
Tadqiqotda O‘zbekistonda PISA-2022 so‘rovi orqali olingan natijalardan foydalanildi. So‘rov mamlakatimizning turli hududlari bo‘yicha 15 yoshli o‘quvchilarning javoblarini mujassam etgan bo‘lib, uning asosida yaratilgan ma’lumotlar bazasi 202 ta maktab va 7293 nafar o‘quvchini qamrab oladi.
MHTI mutaxassislari tadqiqot davomida quyidagi natijalarni oldi:
- Uy-xo‘jaliklari oilaning ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishiga qarab o‘sish tartibida guruhlanganda, yuqori o‘nlikda joylashgan oilalarning farzandlari quyi o‘nlikdagi oilalarning farzandlariga nisbatan matematika fanidan 43,7 ball, o‘qish fanidan 39,8 ball va tabiiy fanlardan 36,7 ball yuqori natija ko‘rsatdi.
Repest moduli asosida qilingan tadqiqot natijalariga ko‘ra, ijtimoiy-iqtisodiy holat indeksining 1 birlikka yaxshilanishi ballarni matematika fanidan 9,5 ballga, o‘qish fanidan 9,2 ballga va tabiiy fanlardan 7,9 ballga yaxshilaydi.
- Uy vazifalarini bajarmaydigan o‘quvchilar ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishiga ko‘ra, quyi o‘nlikdagi oilalar farzandlarining 6,7 foizini, yuqori o‘nlikdagi oilalar farzandlarining esa 3,3 foizini tashkil etadi.
O‘quv haftasi davomida haq evaziga mehnat qiladigan 15 yoshli o‘quvchilar ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishiga ko‘ra, quyi o‘nlikda joylashgan oilalar farzandlarining taxminan har uch nafaridan birini, yuqori o‘nlikda joylashgan oilalar farzandlarining esa har to‘rt nafaridan birini tashkil etadi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, o‘quvchilarning uy vazifalarini bajarmasligi PISA test sinovi natijalarini o‘rtacha 16 ballga, haq evaziga mehnat qilish esa 37 ballga kamaytiradi.
- O‘quv haftasi davomida darsdan avval nonushta qilmaydigan o‘quvchilar ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishiga ko‘ra quyi o‘nlikda joylashgan oilalar farzandlarining 13,6 foizini, yuqori o‘nlikda joylashgan oilalar farzandlarining esa 9,5 foizini tashkil etadi.
Tahlil davomida o‘quvchilarning darsdan oldin nonushta qilmasligi PISA test sinovi natijalarini o‘rtacha 20 ballga kamaytirishi aniqlandi. Nonushta qilmaslik ko‘proq kambag‘al oilalarning farzandlariga ta’sir qiladi va ular nonushta qilmaydigan yuqori daromadli oilalarning farzandlariga nisbatan 34 ball kamroq oladi.
Takliflar:
Davlat ta’lim qonunchiligida maqsadli ko‘rsatkichlarni xalqaro test sinovlari natijalari orqali aniq hamda bir vaqtning o‘zida guruhlar kesimida (yuqori-quyi daromadli oila farzandlari, shahar-qishloq va hokazo) belgilash lozim. Barcha uchun umumiy bo‘lgan ko‘rsatkichlar ma’lum bir guruhning yuqori natijasi hisobiga shakllanadi va o‘rtacha qiymatning oshishi ta’limdagi tafovutning oshishiga olib keladi.
O‘zbekistonda maktablardagi bepul tushlik davomatni 8 foizga oshirishini ko‘rsatgandi. Ushbu dalil va yuqoridagi tahlil natijalarini inobatga olgan holda, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar yashaydigan hududlardagi maktablarda sin