Ammo bu jarayon tasodifiy emas — u geosiyosiy manfaatlar, shaxsiy aloqalar va mintaqaviy xavflar uyg‘unligidan kelib chiqqan.
Avvalo, AQSh prezidenti Donald Trump bilan Pokiston harbiy rahbariyati o‘rtasidagi yaqin aloqalar bu jarayonda muhim omil sifatida ko‘rilmoqda. Jumladan, armiya qo‘mondoni Osim Munir Vashingtonda ishonchli shaxs sifatida qabul qilinayotgani ta’kidlanadi.
Pokistonning o‘ziga xos geografik va siyosiy pozitsiyasi ham uning rolini kuchaytirmoqda. U Eron bilan 900 kilometrlik chegaraga ega, diniy va madaniy aloqalarga ega davlat sifatida Tehron bilan mulogot o‘rnata oladi. Shu bilan birga, mamlakat hududida AQSh harbiy bazalari mavjud emas, bu esa uni nisbatan neytral o‘yinchiga aylantiradi.
Biroq bu “balans siyosati” jiddiy xatarlar bilan bog‘liq. Pokiston neft ta’minoti jihatidan katta darajada Hurmuz bo‘g‘ozi orqali keladigan importga bog‘liq. Urush cho‘zilsa, iqtisodiy bosim keskin oshishi mumkin. Shuningdek, ichki jamoatchilik kayfiyati ham katta ahamiyatga ega — mamlakatda Eronni qo‘llab-quvvatlovchi fikrlar kuchli.
Yana bir muhim jihat — Pokistonning boshqa qo‘shnilari bilan murakkab munosabatlari. Mamlakat Afg‘oniston bilan keskinlik holatida, Hindiston bilan esa doimiy geosiyosiy raqobatda. Bunday sharoitda “tinchlik vositachisi” sifatida chiqish ikkiyoqlama siyosatdek ko‘rinishi mumkin.
Shu bilan birga, Islomobod uchun bu imkoniyat ham hisoblanadi. Agar muzokaralar muvaffaqiyatli ketsa, Pokistonning xalqaro maydondagi nufuzi sezilarli darajada oshishi mumkin. Aks holda esa, u noto‘g‘ri hisob-kitoblarda ayblanishi ehtimoli ham bor.
Xulosa qilib aytganda, Pokistonning vositachilik roli — bu nafaqat tinchlikka qaratilgan urinish, balki o‘zining geosiyosiy o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan strategik qadam hamdir. Biroq Eron va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi ishonchsizlik yuqori darajada qolar ekan, bu missiyaning muvaffaqiyatga erishish ehtimoli hali ham past bo‘lib qolmoqda.






