O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdilar. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston-Pokiston strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning barcha yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
Suhbat avvalida Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.
Davlat rahbarlari keyingi yillarda ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Faol siyosiy muloqotlar, samarali parlamentlararo va idoralararo almashinuvlar davom etmoqda.
2024 yilda tovar ayirboshlash hajmi 400 million dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni 130 taga yetdi. Karachi va Toshkentda savdo uylari ochildi. Toshkent va Lahor o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar tiklandi.
Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, biznes forumlari va O‘zbekiston milliy sanoat ko‘rgazmasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Muzokaralarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Qabul qilingan "yo‘l xaritasi" asosida tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan choralar ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.
Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida tovarlar ro‘yxatini kengaytirish, fitosanitariya va karantin talablarini, bojxona tartib-taomillarini o‘zaro soddalashtirish, standartlarni yaqinlashtirish, elektron savdo platformalarini integratsiya qilish, xaridlarda ishtirok etish imkoniyatini ta’minlash, banklararo hisob-kitoblar mexanizmlarini takomillashtirish va boshqalar ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Yetakchi kompaniyalarning farmatsevtika, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, geologiya va mineral resurslar, to‘qimachilik, charm sanoati va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish rejalari ko‘rib chiqildi.
Hududlar o‘rtasidagi ishbilarmonlik va madaniy aloqalarni rag‘batlantirish maqsadida davlatimiz rahbari O‘zbekistonda ikki mamlakat hududlari forumini o‘tkazishni taklif etdi.
O‘zbekiston va Pokiston yetakchilari transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish va tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalariga alohida to‘xtaldilar.
Keyingi bir necha yilda "O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston" multimodal yo‘lagi orqali yuk tashish hajmi 5 barobar ko‘paygani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yuk aylanmasi hajmini yanada oshirish maqsadida qo‘shma transport-logistika kompaniyasini tashkil etishga kelishib olindi.
Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amalda ilgari surish maqsadida birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish muhim ekani ta’kidlandi.
Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini joriy yil iyul oyida Lahor shahrida o‘tkazishga kelishib olindi.
Tomonlar madaniy-gumanitar va turizm almashinuvini yanada kengaytirish muhimligini qayd etdilar. Shu ma’noda, o‘zaro Madaniyat haftaliklari va turizm dasturlari taqdimotlarini o‘tkazishga kelishib olindi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Qo‘shilmaslik harakati, Islom hamkorlik tashkiloti, SHHT va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
O‘zbekiston Prezidenti va Pokiston Bosh vaziri terrorizm, radikalizm, islomofobiya va xavfsizlikka tahdid solayotgan boshqa zamonaviy xatarlarga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligini ta’kidladilar.
Keng ko‘lamli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish maqsadida Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini ta’sis etish va uning birinchi yig‘ilishini kelgusi yilda o‘tkazishga kelishib olindi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma "yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish va tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.