AsosiyShou-biznes

“PROlogue” kinematografiya sohasida eng yaxshilarni aniqlaydi

Joriy yilning 13-16-dekabr kunlari “Yoshlar ijod saroyi”da “PROlogue”festivali tashkil etilmoqda.

Festivalda ishtirok etish maqsadida mamlakatimizning turli hududlarida istiqomat qiluvchi professional va havaskor yosh kinoijodkorlar tomonidan joriy yil 1 oktyabrga qadar 100ga yaqin ariza kelib tushdi. 

Tajribali kinoijodkorlar – rejissyor Mansur Abduholiqov, kinoshunoslar Feruza Nodirova, Elmira Hasanova, kinoaktrisa Ra`no Shodievadan tarkib topgan festival Saralash komissiyasi filmlar ko`rigini o`tkazdi va ulardan 16tasini festival asosiy dasturiga tavsiya etdi.

13-15-dekabr kunlari “Yoshlar ijod saroyi”da asosiy ko`rik dasturiga kirgan filmlar namoyishlari tashkil etiladi va 16 dekabr kuni Festival g`oliblarini tantanali ravishda taqdirlash marosimi o`tkaziladi.

Festival g`oliblari quyidagi 4ta nominasiya bo`yicha aniqlanadi:

«Eng yaxshi qisqa metrajli badiiy film» uchun bosh sovrin

«Eng yaxshi ssenariy»

«Eng yaxshi rejissyorlik ishi»

«Eng yaxshi operatorlik ishi»

Festival g`oliblari professional kinoshunoslar, rejissyorlar, aktyorlar, operatorlar kabi malakali mutaxassislardan iborat Hakamlar hay`ati yig`ilishida, g`oyaning originalligi va dolzarbligi, yuqori badiiy saviya, qiziqarli syujet, kino tilining o`ziga xos uslubi, novatorlik va izlanish, rejissyorlik va operatorlik topilmalar, aktyorlarning ijrosi kabi mezonlar bo`yicha aniqlanadi.

Ahamiyatli tomoni shundaki, Festivalda ishtirok etgan asarlar jamlanib, maxsus to`plam shaklida chiqariladi hamda xalqaro kinofestivallarga tavsiya etiladi, shuningdek, respublika kinoteatrlarida aholi uchun namoyishlari tashkil etiladi. 

Festival doirasida “O`zbek milliy kino kunlari” haftaligi, kinoijodkorlar ishtirokida davra suhbati, yosh iste`dodlar uchun master-klasslar, O`zbek kinosan`ati muzeyida ochiq eshiklar kuni kabi bir qator tadbirlar o`tkazilishi ko`zda tutilgan.

Boshqa yangiliklar