AsosiyJamiyat

O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga Abdulla Aripov nomzodi taqdim etildi

2016 yil 12 dekabr kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi.

Yig`ilishda dastavval shu yilning 4 dekabr kuni bo`lib o`tgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlari natijalariga to`xtalib o`tildi. Siyosiy Kengash a`zolari tomonidan saylovlar milliy qonunchiligimiz talablari hamda umume`tirof etilgan xalqaro me`yorlarga mos ravishda ochiqlik, oshkoralik, muqobillik asosida o`tkanligi alohida ta`kidlandi. Unda partiyadan ko`rsatilgan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoev saylovchilarning 88,61 foiz ovozi bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylandi.

Qayd etilganidek Prezident saylovida xalqimiz yuksak siyosiy faollik namoyish etib, taraqqiy etgan demokratik mamlakatlar qatoridan joy olish, ochiq va adolatli jamiyat barpo etish yo`lidagi strategik maqsad hamda vazifalarimiz amalga oshirilishini davom ettirish, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlash, odamlar turmush darajasini izchil yuksaltirib borishdek ezgu islohotlarimiz izchilligi uchun ovoz berdilar.

Majlisda ushbu siyosiy tadbirda O‘zLiDeP  partiyasi munosib ishtirok etgani, partiyadan ko`rsatilgan nomzodning saylovoldi dasturi xalqimiz qalbidan chuqur joy olgani hamda to`liq qo`llab-quvvatlangani, bu esa o`z navbatida, barcha tuzilmaviy bo`g`inlariga,  uning har bir faoli zimmasiga katta mas`uliyat yuklashi ta`kidlandi.

Yig`ilishda mamlakatimiz Konstitusiyasining 98-moddasiga asosan, O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko`rsatish masalasi Siyosiy Kengash a`zolari tomonidan atroflicha muhokama qilindi. Ma`lumki asosiy qonunimizga binoan, O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko`p deputatlik o`rinlarini olgan siyosiy partiya tomonidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentiga ko`rib chiqish uchun taqdim etiladi.

Muhokamalar davomida ta`kidlanganidek bugun o`z vakolatlarini amalga oshirishga kirishgan Shavkat Miromonovich Mirziyoevning saylovoldi dasturlarida ilgari surilgan, mamlakatimiz hayotiga bevosita dahldor masalalarni hayotga tadbiq qilish ko`p jihatdan xukumatga rahbar bo`ladigan insondan ham katta salohiyat va tashkilotchilikni talab etadi. Sababi, ushbu dasturda qo`yilgan masalalar nafaqat iqtisodiyot, yoki ijtimoiy sohalar, balki ko`plab boshqa sohalarda ham aniq belgilangan rejalarni amalga oshirishni talab qiladi.

Majlis ishtirokchilari bo`lib o`tgan muhokamalar natijasida O`zbekiston Respublikasi Prezidentiga Bosh vazir lavozimiga hozirda O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Abdulla Nigmatovich Aripov nomzodini taqdim etish to`g`risida qaror qabul qildilar.

Ta`kidlanganidek Abdulla Nigmatovich Aripov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyati uchun mas`uliyatni to`la zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor va talabchan, yangilikka intiluvchan, jonkuyar va vatanparvar, quyidan yuqorigacha bo`lgan barcha bo`g`inlardagi ijro organlarini boshqarishda etarli tajriba va salohiyatga ega bo`lgan fidoyi insondir.

Majlisda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham ko`rib chiqildi.

Shu bilan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining majlisi o`z ishini yakunladi.

Boshqa yangiliklar