Rossiyaning "AlfaStraxovaniye" kompaniyasi aviakaskoga ko‘ra Embraer 190 samolyoti halokati uchun to‘liq sug‘urta to‘lovini amalga oshirdi.
"Report" nashrining xabar berishicha, bu haqda "Interfaks" agentligiga "AlfaStraxovaniye" kompaniyasining aviatsiya va kosmik sug‘urta bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari Ilya Kabachnik ma’lum qilgan.
"Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqinida halokatga uchragan Azerbaijan Airlines (AZAL) aviakompaniyasiga tegishli Embraer 190 samolyoti hamda yo‘lovchilar oldidagi tashuvchining javobgarligi "AlfaStraxovaniye" kompaniyasi tomonidan sug‘urtalangan edi. Asosiy risk "Rossiya Milliy qayta sug‘urta kompaniyasi" (RNPK) tomonidan qayta sug‘urtalangan. Samolyot uchun to‘lov to‘liq sug‘urta summasi miqdorida 2025 yil fevralda amalga oshirildi", – dedi u.
Shu bilan birga, u aviakasko bo‘yicha kompensatsiya miqdorini oshkor etmadi, biroq ekspertlar uni taxminan 25–30 million dollar deb baholashmoqda.
Kabachnik nima uchun sug‘urtachi aviahodisa bo‘yicha rasmiy tergov yakunini kutishga hojat sezmaganini tushuntirdi:
"Halokat bo‘yicha tergov davom etyapti, biroq bizda to‘lovlarni tashkil etish uchun yetarli ma’lumot mavjud. Sug‘urtachi sifatida biz uchun samolyotning yo‘q bo‘lgani asosiy fakt hisoblanadi, bu esa shubha uyg‘otmaydi. Urush va terrorizm tavakkalchiligi ham sug‘urtalangani uchun aviakompaniya har qanday holatda ham kompensatsiya oladi", – dedi u.
Aviatashuvchining uchinchi shaxslar oldidagi javobgarligi bo‘yicha sug‘urta shartnomasi yuzasidan Kabachnik qo‘shimcha qildi: "Yerda yetkazilgan zarar bo‘yicha hech qanday da’volar kelib tushmagan va biz bunday talablarni kutmayapmiz. Agar shunday bo‘lsa, aviakompaniya bilan birgalikda belgilangan tartibda harakat qilamiz".
Eslatib o‘tamiz, AZAL aviakompaniyasining Boku-Grozniy yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilgan yo‘lovchi samolyoti 2024 yil 25 dekabr kuni Qozog‘istonning Oqtau shahri yaqinida halokatga uchragan. Bortda bo‘lgan 67 kishidan 38 nafari halok bo‘lgan, 29 nafari esa omon qolgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot Grozniy osmonida Rossiya havo hududida tashqi jismoniy va texnik ta’sir sababli halokatga uchragan. Ilk tahlillar samolyot yaqinida Rossiyaga tegishli raketa portlagani bois halokatga uchraganini bildirgan.
Abdulloh Sayyid