AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev: “Elektron qabulxonaga kelib tushgan murojaatlar hayotimizda mavjud o`tkir muammolarga ko`zimizni ochib berdi”

Shu yil 25 sentyabrda Bosh vazirning internet tarmog`ida elektron qabulxonasi tashkil etilgan edi. O`tgan davrda ushbu qabulxonaga fuqarolarimizdan 218 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Murojaatlarning qariyb 59 foizi echimini topgan bo`lsa, 41 foizi ko`rib chiqilmokda. 

Ushbu raqamlar O`zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoevning O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag`ishlangan tantanali marosimdagi ma`ruzasida qayd etilgandi.

“Ochiq aytishim kerak, bu murojaatlar tahlilidan ko`p narsa ayon bo`ldi. Ta`bir joiz bo`lsa, ular hayotimizda mavjud bo`lgan o`tkir muammolarga ko`zimizni ochib berdi. 

Mana, odamlar nimalar haqida murojaat qilmoqda. Avvalo, ular turli sohalardagi byurokratik to`siqlarni olib tashlash, qonunga zid bo`lgan ko`plab idoraviy yo`riqnomalarni bekor qilish, stavkasi optimal bo`lgan bank kreditlari ajratish, tadbirkorlik bo`yicha noqonuniy tekshirishlarga barham berish haqida, huquq-tartibot idoralarining faoliyati haqida murojaat qilmoqda. 

Shu bilan birga, aholimizdan uy-joy qurilishi, kommunal, transport va savdo xizmati, energiya ta`minotini, yo`llarning holatini yaxshilash bo`yicha ham ko`plab murojaatlar kelib tushmoqda. 

Ko`rib turibsizki, aziz do`stlar, bu talablarning barchasi qonuniy va adolatli. Bu borada ortiqcha izohning hojati yo`q, deb o`ylayman. 

Lekin shu o`rinda bir savol tug`iladi: mana shu murojaatlarda ko`tarilgan hayotiy muammolarni joylardagi hokimlik va idoralar, tegishli mutasaddilar o`z vaqtida hal etishi zarur emasmidi? Holbuki, bu masalada alohida qonun, ya`ni, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risida”gi qonun qabul qilingan. Lekin, ming afsuski, bu qonunning ijrosini nazorat qilish o`z holiga tashlab qo`yilgan. 

Shu sababli ana shu qonun talablarini bajarmayotgan rahbar va mansabdor shaxslarni nafaqat ma`muriy, balki jinoiy javobgarlikka tortish zarur, deb hisoblayman. 

Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak va bu haqiqatni avvalo barcha bo`g`indagi rahbarlar yaxshi tushunib olishi zarur”, deydi Davlat rahbari.

Boshqa yangiliklar