1

Tog`dagi muz odam

Mutolaa 13.12.2016, 15:20
Tog`dagi muz odam

Sharpa muz ko`rinishidagi inson qiyofasini olgan narsa edi

Maktublar orasida aynan “G`aroyibot”ga kelganlarini o`qish biz uchun juda maroqli. Chunki bir-biridan qiziq va sirli voqealar ichiga sho`ng`ib ketamiz. Toshkent viloyati, Bo`stonliq tumanidan O`ktam Mavlonovning xati ham xuddi shunday bizni ajoyibotlar olamiga g`arq qildi...

Tog`li hududda yashaganimiz uchun qish har doim bizda qattiq va sovuq bo`ladi. Albatta, bu fasl o`zining qahri bilan birga go`zalligi, maftunkorligi ham bor. Mol-qo`y bahona oppoq qorga burkangan tog`ni, daraxtlarni, qir-adirlarni tomosha qilish shu qadar yoqimliki, go`yo musaffo olamga tushib qolganga o`xshaysiz. Hamma joy sof, pokiza, borliq oppoq. Hatto o`zingizni bu manzaraga nomunosib ko`rasiz. Xuddi oppoq qog`ozga tomgan siyoh kabi tabiatga yarashmay turibmanmi, deya xijolat ham bo`lasiz. Men ham mana shu musaffolik sabab balki, qishni juda yaxshi ko`rarman. Ehtimol, qo`limda hunarim bo`lsa-da, mana shu oshuftalik meni har qish odamlarning qo`ylarini boqishga, cho`ponlik qilishga majbur etar...

—  Dadasi, sovuqda yurib nima zaril? Ishingizni qilavering, — har doimgidek bu yil ham cho`ponlik qilmoqchi ekanligimni bilgan xotinim nolib boshladi. — Ikki-uch kunlab uyda bo`lmaysiz. Sovuqda yurasiz, vaqtida ovqat emaysiz. Bizni xavotirga qo`yasiz. Undan ko`ra, issiqqina uyda o`zingizning ishingizni qilib o`tirmaysizmi?

—  E-e-e, xotin, oshiq bo`lmagansan-da! Oshiq odamning ko`zi ko`r bo`ladi. Hech narsani bilmaydi, sezmaydi. Men tabiatga, aynan qishki tabiat manzarasiga oshiqman. Oppoq qorga burkangan tog` bag`rida mazza qilib yurmasam, kasal bo`lib qolaman, axir, — dedim ayolimga. 

Shu bilan bir hafta ichida qo`ylarini menga ishonib topshirmoqchi bo`lgan kishilar va qo`ylari sonini ro`yxatini tuzib, toqqa chiqib ketadigan kunimni ma`lum qildim. 

Bir hafta o`tgach, qishloqdoshlarim men aytgan joyga o`z qo`y-qo`zilarini olib kelishdi. Ularni oldimga solib, yo`lga tushdim. Atrof oppoq. Qo`ylar ham tumshug`i bilan turtib qor tagidan yantoqlarni chiqarib olib kavshash bilan band. Oqliqqa burkangan olamni buzayotgani bilan ishi yo`q. Men esa tabiatning betakror husniga o`zim va qo`ylarim bilan ziyon etkazayotganimdan o`kinaman. Lekin baribir qalbimdagi oshuftalik yo`qolmaydi. Atrofni ishtiyoq va mehr bilan kuzataman. Asosiy ishim ham esdan chiqadi. Ba`zan rassom yoki shoir bo`lib yaralmaganimga pushaymon bo`laman. Bu go`zallik qo`ynida qanday asarlar yaralgan bo`lardi, esiz...

Shu xayol bilan yana entikib, suqlanib qarayman, tog`u-toshlarga...

Ana shunday shaydolik bilan yurgan kunlarimning birida, oldimda yurgan qo`ylarning nimadandir hurkib, quloqlarini dikkaytirib, boshini ko`tarib olishganini ko`rdim.

“Bo`rining hidini oldimikan? Qishda bo`ri ko`p bo`ladi. Ehtimol, tulki yurgandir?”

Atrofga alangladim. Oppoq qor ustida birorta zog`ni — qora narsani ko`rmadim. 

—  Hech narsa yo`q-ku, nimadan hurkayapti, bular? — hayron bo`lib dedim o`zimga o`zim.

Shu payt qo`ylarning bir qismi ortga tisarilgandek bo`ldi. O`zim esa ular qarab turgan tomonda shaffof sharpani sezgandek bo`ldim. Xuddi inson qiyofasidagi muzga o`xshardi u. Muz kabi shaffof bo`lgani bois, biroz ko`z ilg`ashi qiyin. Harakatlanayotgani tufayligina payqab qolish mumkin. Mening ko`zim tushishi bilan haligi sharpa tek qotdi. Men uni boshqa ko`ra olmayotgandim. Atay boshimni burdim. Qo`ylar yanada sergaklandi. Sharpa harakatlandi, men yalt etib qaradim. Ha, bu chindan ham muz ko`rinishidagi inson qiyofasini olgan allanima edi. Qichqirib yubordim. Sharpa tomondan “zuv” etgan ovoz keldi. Yashin tezligida u tog` tomonga uchdi. Ko`zlarim ko`rib-ko`rmay qoldi.

Men esa karaxt ahvolda qoldim. Tush ko`rdimmi, desam uyg`oqman. Menga shunday tuyulgandir, desam qo`ylarim ham hurkdi-ku! Ko`rganim kim edi? Noma`lum mavjudotmi, arvohmi, o`zga sayyoralik? Bu jumboqni hamon echolmayman...

KAMINA oqqa ko`chirdi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1